Juma namozlarini masjidlarda shu haftadan boshlab o‘qish mumkin bo‘ladi

Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq, diniy tashkilotlarda jamoaviy ibodatlarni (juma va shanba-yakshanbalik diniy xizmatlar) amalga oshirishga ruxsat beriladi. 

Maxsus komissiya a’zosi, bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning aniqlik kiritishicha, jamoaviy ibodatlarni 2020 yil 4 sentyabr, juma kunidan boshlab amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Bunda ushbu ob’yektlar quyidagi sanitariya qoidalariga rioya etishi talab etiladi:

📌 jamoaviy ibodatni o‘tkazish uchun tashrif buyuruvchilar o‘rtasida ijtimoiy masofani ta’minlash; 

📌 diniy tashkilotlar xodimlari va tashrif buyuruvchilarning tibbiy niqobda bo‘lishi; 

📌 sanitariya-gigiyena va dezinfeksiya talablariga qat’iy rioya etish, bino xonalarni doimiy ravishda dezinfeksiya qilish, ularga kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “to‘shak”lar bilan jihozlash;

📌 har bir diniy ibodatdan keyin bino (xona) va undagi jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash;

📌 bino va xonalarga, shuningdek, havo aylantirish tizimiga zararsizlantirish anjomlarini (ultrabinafsha lampalar va b.) o‘rnatish.

📌tana harorati 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan yoki infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan tashrif buyuruvchilarni kiritmaslik;

📌 diniy tashkilotlarga kirish va chiqish joylarida aholining to‘planishiga qat’iy yo‘l qo‘ymaslik.