Jurnalistlar Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi faoliyati bilan tanishdi
Samarqand shahridagi Kichik mutaxassislar tayyorlash markazida “Yangi O‘zbekiston armiyasi — mamlakat qudrati, yuksak g‘urur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ishtirokchilari – Toshkent, Navoiy va Jizzaxdan kelgan hamda mahalliy OAV vakillari kunning ikkinchi yarmida Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyida bo‘ldi.
Ushbu muzeyning ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun alohida jozibasi bor. Chunki muzey o‘zbek jurnalistikasi tarixidan so‘zlaydi, milliy matbuotimizning tamal toshini qo‘ygan jadid bobolarimizning o‘gitlaridan saboq beradi.
– Tarixdan bilamiz, aynan mazkur muzey binosida "Samarqand" (hozirgi «Zarafshon») gazetasi, "Oyina" jurnali chop etilgan, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov. – Mahmudxo‘ja Behbudiy 1908 yildan boshlab Samarqandda gazeta chiqarish uchun harakat qilgan. Uning bu niyati 1913 yilga kelib to‘liq amalga oshadi. Ta’kidlash joiz, o‘sha paytlar ma’murlarining gazeta chiqarishga ruxsat berishi oson kechmagan. Ular mahalliy tilda chiqadigan matbuot nashrini o‘zlari uchun ortiqcha dahmaza, tashvish deb bilgan.
Darhaqiqat, mazkur muzeyda Turkistonda jadidchilik harakati yetakchisi Mahmudxo‘ja Behbudiy ijodi va hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlar, o‘sha davr madaniyati, ma’rifati, ilm-fan rivojiga hissa qo‘shgan bir qancha ma’rifatparvar olimlarning fotosuratlari, ilmiy asarlari mavjud. Shuningdek, XX asr boshlariga tegishli noshirlik dastgohi, gazeta va jurnallar nusxalari, ilmiy arxiv hujjatlari va nodir ashyolar o‘rin olgan.
– Ulug‘ ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning uy-muzeyini ko‘zdan kechirib, bu maskandagi gazeta va jurnallar, suratlarni tomosha qilib, unutilmas taassurot oldik, – deydi “Jizzax haqiqati” gazetasi muxbiri Muqaddas Saparova. – Albatta, buyuk ma’rifatparvar, jurnalist va noshir Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodi haqida o‘qiganmiz. Lekin shuning o‘zi yetarli emas. Jurnalistlar bu kabi uy-muzeylarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi, jadid bobolarimiz haqida ko‘proq ma’lumotlarga ega bo‘lishi lozim.