Jurnalistlarning Yangi yildagi kutilmagan holatlari

Yangi yil bolalikdagi orzular, Qorbobo sovg‘asiyu mo‘’jizalar kutish bilan sevimli bayramimizga aylangan. Nafaqat bolalar, kattalar uchun ham bu bayram o‘ziga xos zavqli, bolalikka qaytishdir. Viloyatdagi ommaviy axborot vositalari xodimlarining ba’zilaridan Yangi yildagi “sarguzasht”lari haqida so‘rab oldik.

 Akkordeon ko‘tara olmaganman

O‘ktam Xudoyberdiyev, "Zarafshon" gazetasi muxbiri:

- Bolaligimda Yangi yil umuman boshqacha bo‘lardi, hozirgidek ko‘chalarda chiroqlar yo‘q edi, telefon, “kolonka”, musiqa, yoritgich chiroqlar qayoqda deysiz. Har bir guzar o‘zi nishonlar edi. Ko‘chada ballon yoqardik. Musiqa qo‘yilmas, o‘zimiz qo‘shiq kuylardik. Kimdir rubob, yana kimdir dutor, ayrimlar akkordeon, doira chalardi.

Esimda, bir yili Yangi yil kuni tizza bo‘yi qor yoqqandi. 8 yosh edim, otam tanishinikiga akkordeon olib kel, deb yubordi. Akkordeonni oldig-u, ammo uni ko‘tara olmadik. Noiloj, qorda sudrashga to‘g‘ri keldi. Qishloqdagi yo‘llarimiz pastdan tepaga qarab chiqish kerak edi. Yo‘lning yarmiga kelganda, tepalikka chiqa olmay, pastga dumalab ketdim, akkordeonni uyga olib kelguncha bir necha marotaba qorga yiqildim. Lekin qancha qiynalmay, otamga akkordeonni olib kelib bergandim. Qo‘llariga topshirgach, uyga kirib yotdim, chunki juda sovuqqotgan, varaja qilayotgandim. Yangi yilda uxlab qolibman. Bayramdan so‘ng bir hafta kasal bo‘lib yotgandim.

Kutilmagan uchrashuv

Yormamat RUSTAMOV, “Samarkandskiy vestnik” gazetasi muxbiri:

- Bayram arafasida televideniyeda har galgidek ish qizg‘in. Rahbariyat topshirig‘iga ko‘ra, “Xabarlar” tahririyati xodimlari uch guruhga bo‘linib, Yangi yilga alohida noan’anaviy ko‘rsatuv tayyorlashimiz kerak edi. Bizning guruhimiz kelishuvga ko‘ra, Cho‘ponota qirlariga chiqdi. Ssenariy bo‘yicha, Qorbobo baland tepalikdan mashinada Qorqiz bilan birga tushib kelishi, yo‘lda uning mashinasi buzilib, to‘xtab qolishi kerak. So‘ngra Qorqiz mashinadan tushib, uni itarishi lozim. Qorbobo rolini kamina, Qorqiz rolini Gulchexra Berdiyorova bajaryapmiz. Ssenariy bo‘yicha ko‘rsatuvni olayotganimizda Qorqiz mashinani itarayotganda, qora “Neksiya” to‘xtab, bir kishi “Yordam kerak emasmi, benzin tugadimi?”, deb qolsa bo‘ladimi.

 Men unga vaziyatni, bu televizion ssenariy ekanligini tushuntirdim.

-  Meni tanimadinglar shekilli?

-  Yo‘q, tanimay turibmiz...

-  Muhriddin Xoliqovman.

Qishki ust-bosh, telpakda bo‘lgani uchun taniqli estrada xonandamizni rostdan tanimay qolibmiz. Men paytdan foydalanib, u kishidan Samarqand televideniyesi uchun intervyu berishni iltimos qildim. Muhriddin aka biroz o‘ylanib turib, hech qachon ko‘chada intervyu bermaganligini, ammo Yangi yil munosabati bilan samarqandlik muxlislariga tilaklari borligini aytib, rozi bo‘ldi.

Xullas, Yangi yil syujetimiz kutilmagan uchrashuvlarga boy tarzda “Cho‘ponotadagi uchrashuv” deb nomlangan ko‘rsatuv bo‘lib efirga uzatildi. Afsuski, bu uchrashuv estrada yulduzi bilan eng so‘nggi suhbat ekanligini bilmagan edim.

Aybsiz aybdor bo‘lgandim

Akram Haydarov, Zarnews.uz sayti muharriri:

- Bu voqeaga 20 yil bo‘lib qoldi. Uyda bolalar bilan qizg‘in bayram o‘tkazilayotgandi. Sigaret chekish uchun “dom” hovlisiga chiqdim. O‘rindiqda bir rus onaxon o‘tirgandi. Sigaretni chekib bo‘lib, qoldig‘ini pastga tashlashimni bilaman, yuqoridan kimdir paqildoq tashladi. Buni qarangki, ikkalasi bir joyga tushib, paqilladi.

Onaxon baland ovozdan cho‘chib tushdi-da: “Bolam, kap-katta bo‘lsang, paqildoq tashlashga uyalmaysanmi?”, deb dakki berdi. O‘zimni oqlash uchun hech narsa deyolmadim. Onaxonning oldida rosa xijolat bo‘lganman. Bayram yaqinlashsa, o‘sha voqea esimga tushaveradi.

Uyda yolg‘iz

  Dilmurod To‘xtayev, “Zarafshon” gazetasi muxbiri:

- O‘sha yillari Qorbobo kiyimini topish qiyin edi. Yangi yil kuni Qorbobo bo‘lishimga to‘g‘ri keldi. Uydagi eski telpak, astari sariq rangli choponning teskari tomonini kiyib, belimga belbog‘ taqdim, paxtadan soqol yasadim, xaltaga sovg‘alarni solib, kunduz kuni qarindoshlarnikiga bordim. Bayram zo‘r bo‘lganmi, ishqilib, uyga kelib, uxlab qolibman.

Kech bo‘lganda uyg‘ondim, qarasam, uyda hech kim yo‘q, hamma opamlarnikiga ketgan. Biz Yangi yilni opamlarnikida kutishga kelishib olgandik. O‘zim niyat qilgandim soat 12.00 larga opamlarnikiga Qorbobo bo‘lib kirib boraman deb. Telpagim, choponimni kiyib, soqolimni taqdim, xaltaga jiyanlarimga qand-qurs, sovg‘alar solib, yo‘lga otlandim. Opam bizdan ancha olisda yashardi, yo‘lning yarmini kesib bo‘lgandim, soat millari 23.30 ni ko‘rsatar, bayram kirishigacha ulgurar ekanman, deb ketaverdim.

To‘satdan yo‘limdan bir gala kuchuk chiqib qoldi. Meni quvib ketdi, yo‘lni o‘rtasidaman, nima qilarimni bilmayman, xaltamni ham tashlab, uyim tomon qochib keldim. O‘shanda opamlar Qorboboni rosa kutishgan. Lekin Qorbobo bora olmagan.

Yangi yilda bir asr uxlaganman

Umida Mamadaliyeva, viloyat teleradiokompaniyasi katta muharriri:

- Bizning bolalik boshqacha davr bo‘lganligi uchunmi yoki archa o‘yinchoqlarini, uy bezaklarini o‘zimiz rangli qog‘ozlardan yasaganimizgami - boshqacha zavq-shavqi bor edi. 5 yoki 6 sinf o‘quvchisi edim, aniq esimda yo‘q. Yangi yilni kutib olaman, soat 12 ga yaqinlashganda meni uyg‘otinglar, deb ota-onamga aytib, uxladim. Ertalab tursam soat 9.

“Nega uyg‘otmadingiz?”, deb oyimdan so‘rasam, dadang rosa harakat qildilar uyg‘otishga. Tur, Yangi yil kiryapti, desalar ham uyg‘onmading, dedilar.

Shunday dedilar-u dadamga qarab, ko‘z qisib qo‘yganlarini sezdim. Meni uyqusi buzilmasin, orom olsin, deb uyg‘otmabdilar.

Ulardan arazladimu, ammo ota-ona mehrining ustunligini yana bir karra his qildim. Shunday qilib, Yangi yilda bir asr uxlaganman.

Ko‘zimizni bog‘lab, sovg‘a olardik

Gulnora Xoldorova, Zarnews.uz xodimi:

- Oilada 5 farzandmiz. Yangi yil eng orziqib kutgan bayramimiz edi. Rahmatli dadajonim o‘z korxonasidan, ayajonim o‘z korxonasidan 5 tadan sovg‘a olib kelishardi.

Biz, bolalarning xursandchiligimizning cheki yo‘q, hamma sovg‘ani o‘rtaga bo‘shatib, konfetini konfetga, shokoladini shokoladga, yong‘og‘ini yong‘oqqa ajratib olardik. Oh, mandarinlar… ichiga bittadan qo‘yilgan mandarinlar hidini aytmaysizmi… Yangi yil hidi kelardi ulardan. Chunki asosan, Yangi yilda bahramand bo‘lardik-da, bunday kamyob ne’matdan.

Keyin shokoladu konfetlar ipga osilib, ko‘zlar bog‘lanardi. Shu holatda qaychi bilan kim kesishga muyassar bo‘lsa, shirinlik o‘shaniki… Qanchalik zavq bag‘ishlardi o‘z sovg‘angni ham tirishib olish… Deraza ortida esa tizza bo‘yi yoqqan oppoq qor…

Munisa Shamsiyeva tayyorladi.