Kadrlar tayyorlash ularni ishga olishdan ko‘ra murakkabdir

Men bu xulosani shu sohadagi tajribamga asosan aytyapman. Yashirib o‘tirmayman, yillar davomida kadrlarni tanlash va ularni tayyorlab borish sohasida e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yildi. Zaxiralar muqim bo‘lmadi. Natijada ayrim tarmoqlarga duch kelgan ziyolini, tajribali xodimni rahbar qilib qo‘yishga to‘g‘ri keldi.

Garchi, keyingi 5-6 yil ichida kadrlar zaxirasi shaffofligiga erishilayotgan bo‘lsa-da, ba’zi hollarda eskicha qarashlardan qutulishning iloji bo‘lmayapti. Bu esa o‘z navbatida fidoyi kadrlarimizning ham kayfiyatiga ta’sir qilyapti.

Keyingi ikki yilda mahalladagi hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari shtatlarining joriy etilishi va ularning davlat fuqarolik xizmati agentligi orqali tanlab olinishi g‘alvirni suvdan ko‘targan bilan baravar bo‘ldi. Biz o‘zimizcha ko‘z ostimizga olib yurgan, fidoyilik bilan o‘zini ko‘rsatgan juda ko‘p yoshlar, mutaxassislar test sinovlaridan o‘ta olmadilar. Natijada ularning o‘rniga yangilari hujjat topshirishdi. Hatto shu lavozimda tayinlangandan keyin ham ayrimlari mas’uliyatni yetarli darajada his qilmadilar. Ularni ham almashtirishga to‘g‘ri keldi. Demoqchimanki, kadrlarni bevosita hayotning qizg‘in joyida sinash, ularga o‘z ustida ishlashni muntazam o‘rgatish kerak.

Umuman, yil boshidan buyon davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali - vacancy.argos.uz platformasi orqali shahar hokimligi tomonidan 650 vakant lavozimlar bo‘yicha ochiq tanlovlar e’lon qilindi. Bu tanlovda 1750 nafar fuqaro ishtirok etdi. Darvoqe, hujjat topshirganlarning 25 foizi, 4 ming nafardan ortig‘i xotin-qizlardir.

Tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, bitta vakant o‘ringa 17-20 kishi hujjat topshirgan. Tanlovda g‘olib chiqqan 650 nafar g‘olibning 297 nafari 30 yoshgacha, 78 nafari davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilinganlardir. Binobarin, ulardan 5 nafarini bevosita shahar hokimligi boshqaruv apparatiga ishga oldik.

OTMlar bitiruvchilari bilan juda yaqin munosabat o‘rnatganmiz. Chunki juda ko‘p sohalarga aynan ana shu yigit-qizlar orasidan kadrlar tanlab olyapmiz. Istiqbolli kadrlar zaxirasi shunchaki ro‘yxat emas, biz 3-4-kurs talabalari bilan suhbatlar chog‘ida ularning ichki intizomi, so‘zlash madaniyati, fikrlash qobiliyatini o‘rganyapmiz. Keyin alohida ro‘yxat tuzgan holda, guruhlarga bo‘lib, davr siyosati, islohotlar samarasi, mutaxassislik mohiyati yuzasidan suhbatlar o‘tkazyapmiz. Ayniqsa, oxirgi kursdagi amaliyot jarayonini tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda mazmunli tashkil etish, talabchanlikni yo‘lga qo‘yish aksariyat istiqbolli zaxiramizdagi yoshlarning qobiliyatini namoyon etishga yordam berdi. Misol uchun, Samarqand davlat tibbiyot universiteti bitiruvchisi B.Doniyorov shahardagi 8-oilaviy poliklinikada amaliyot o‘tadi. Poliklinika ma’muriyati bu yigitni diplom olgan kuniyoq ishga qabul qildi. Chunki u amaliyot jarayonida jamoaga o‘z bilimi va iqtidorini, intizomini ko‘rsata olgan edi. Samarqand davlat universiteti bitiruvchisi M.Mavlonov ham muvaffaqiyatli amaliyotdan so‘ng shahardagi 51-umumta’lim maktabida ish boshladi.

Umuman, biz istiqbolli kadrlar zaxirasida shakllantirilgan 368 nafar bitiruvchining 367 nafarini turli davlat idoralariga ishga joylashtirishga erishdik. Ularning 7 nafari oliy ta’lim muassasalariga, 40 nafari xalq ta’limi tizimiga, 31 nafari tibbiyotga, qolganlari iqtisodiyot, bank-moliya, kasb-hunar maktablari, qurilish va suv xo‘jaligi sohalariga joylashdi.

Istiqbolli kadrlar zaxirasi muntazamliligi ta’minlanmoqda. Ya’ni, bu ro‘yxat tugamaydi, aksincha, uning nomzodlari ko‘payib boraveradi. Biz bu ishga viloyatdagi yetuk siyosatchilarni, olimlarni, ishlab chiqarish ilg‘orlarini, tajribali rahbarlarni jalb etganmiz. Ular yuqori kurs talabalari, bitiruvchilar, ayniqsa, zaxiradagi kadrlarimiz bilan samimiy suhbatlar o‘tkazyapti. Yangi o‘quv yilidan boshlab ular o‘rtasida onlayn va oflayn tanlovlar uyushtirishni rejalashtirib turibmiz.

Yaqinda “Davlat fuqarolar xizmati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Bu qonun olib borilayotgan ishlarimizga yangicha mazmun-mohiyat bag‘ishlaydi. Chunki asosiy maqsad - jamiyatni rivojlantirish yo‘lida uning taraqqiyoti uchun xizmat qila oladigan munosib yigit-qizlarni tayyorlashdir. Buborada esa bizga tizimda yo‘lga qo‘yilgan shaffoflik va intizom qo‘l keladi.

Alimardon Rahmatullayev,

Samarqand shahar hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari.