Kafolatli sug‘urta
Bu o‘z navbatida respublika sug‘urta bozorining barcha ishtirokchilaridan faoliyat sohasining barcha yo‘nalishlarida, xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqish bosqichidan tortib, yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish va aholining sug‘urta tizimiga bo‘lgan ishonchini oshirishgacha bo‘lgan faoliyat samaradorligini oshirishni talab etadi.
Hozirgi vaqtda respublika sug‘urta bozorida 27 ta sug‘urta kompaniyasi faoliyat yuritadi. Mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatuvchi korxona va tashkilotlarga hamda aholiga maxsus sug‘urta xizmatlarini taqdim etayotgan "Kafolat sug‘urta kompaniyasi" aksiyadorlik jamiyati sug‘urta bozorida alohida o‘rin tutadi.
Prezidentimizning 2017 yil 9 oktyabrdagi "Kafolat sug‘urta kompaniyasi" aksiyadorlik jamiyati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarori ham kompaniyaning bu borada muhim dasturulamali bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur qarorga ko‘ra, endilikda kompaniya faoliyati yanada takomillashib, xizmat ko‘rsatish sifati va ko‘lami yanada oshadi. Hujjatda bu boradagi 9 ta eng muhim faoliyat yo‘nalishlari belgilab berildi.
Jumladan, garov va lizing ob’yektlarini zarardan, olovdan va tabiiy ofatlardan sug‘urta qilish, shuningdek, mol-mulk, uskunalar va yo‘ldagi tovarlarni hamda tadbirkorlik faoliyatini barcha xatarlardan sug‘urta qilish orqali tadbirkorlik sub’yektlariga sug‘urta himoyasini taqdim etish, sanoat korxonalari va iqtisodiy sohalardagi qurilish ob’yektlarining barcha tavakkalchiliklardan sug‘urta qilinishini ta’minlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturi doirasida mamlakatning barcha hududlarida yuridik va jismoniy shaxslarga sug‘urta himoyasini taqdim etishda aholi qamrovini "Mahalla", "Nuroniy" jamg‘armalari va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda kengaytirish belgilandi.
Shuningdek, aholini shaxsiy sug‘urtalash, jumladan, infeksion kasalliklardan sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urtaviy himoyasini ta’minlash, yoshlar uchun uy-joy qurish dasturlari bo‘yicha uy-joylarni sug‘urtalash, yangi innovatsion sug‘urta mahsulotlarini yaratish orqali sug‘urta faoliyatini kengaytirish, zamonaviy informatsion texnologiyalardan foydalangan holda virtual ofislar va sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatishning yangi kanallarini yaratish masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Qarorda onlayn rejimda elektron sug‘urta polislarini sotish mexanizmini ishlab chiqish va joriy etish ko‘zda tutilgan. Ushbu mexanizm ayni paytda amal qilayotgan sug‘urta polislarini qog‘ozda rasmiylashtirish tartibi o‘rnini egallashga mo‘ljallangan bo‘lib, bu ayniqsa, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanayotgan davrda dolzarbdir.
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda aholiga sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish uchun ko‘chmas mulk ob’yektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni almashish bo‘yicha avtomatlashtirilgan mexanizm yaratiladi. Bundan tashqari, respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda seysmik jihatdan xavfli, sel va toshqin xavfi bo‘lgan mintaqalarda joylashgan fuqarolarning inshootlari, turarjoylari, shaxsiy mulkini, ishlab chiqarish va ijtimoiy maqsadlarda barpo etilgan ob’yektlarni sug‘urtalashga alohida e’tibor beriladi.
Prezidentimizning ushbu qarori "Kafolat sug‘urta kompaniyasi" aksiyadorlik jamiyati faoliyatini takomillashtirish bilan birga, xalqimizning sug‘urta institutiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, sug‘urta bozorini yanada rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlari sifatini oshirish va sug‘urta xizmatlari tannarxini kamaytirish, sug‘urta mukofotlari tushumini ko‘paytirish hamda mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlariga sarmoyalar kirituvchi xorijiy investorlar manfaatlarining sug‘urtaviy himoyasini kafolatlashga xizmat qiladi.
Arslon HAYITOV,
"Kafolat sug‘urta kompaniyasi"
aksiyadorlik jamiyati Samarqand filiali direktori.