Kamalak yulduzlari" iste’dodlarni jamladi
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining "Kamalak" bolalar tashkiloti tomonidan o‘tkazilayotgan festival san’atga oshufta iste’dodli yoshlarni kashf etmoqda.
Bu yil tanlovning dastlabki saralash bosqichlarida 6 mingga yaqin o‘g‘il-qiz ishtirok etdi. Ulardan 600 nafari festivalning yakuniy viloyat bosqichida qatnashdi.
Tanlov davomida bolalarning mumtoz va zamonaviy qo‘shiqchilik, musiqa asboblari ijrochiligi, tasviriy va amaliy san’at, nasr va nazm kabi yo‘nalishlarda bilim va mahoratlari sinovdan o‘tkazildi.
– Bolalarning o‘z iste’dodlarini namoyish etishi, ularning san’atga, go‘zallikka intilishini kuchaytirish va madaniy saviyasini oshirishda bunday tanlovlarning ahamiyati katta, – deydi Qo‘shrabot tumanidagi 5-son bolalar musiqa va san’at maktabi raqs o‘qituvchisi Farog‘at Ermatova. – Festivalda biz "Tamannoz" raqs jamoamiz va ikkita yakkaxon raqs bilan chiqish qildik. Maktabimiz bolalari ijrochilikda ham iste’dodlarini namoyish qilishdi.
Festivalda eng yaxshi natijalarga erishgan ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tanlov g‘oliblari va viloyatdagi taniqli san’atkorlar ishtirokida gala konsert uyushtirildi.
Zilola OMONOVA,
Alisher ISROILOV (foto).