Kambag‘allar uchun faqat qog‘ozda yer ajratilgan

Bugun kambag‘allikni qisqartirish maqsadida g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlar ekish shu kunning dolzarb masalalaridan biri. Shu bois Samarqand viloyati iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish boshqarmasi monitoring guruhi joylardagi holatni o‘rgandi.

O‘rganish davomida ishchi guruh a’zolari viloyatning qator tumanlarida bo‘lib, haqiqiy holat bilan tanishdi. Achinarlisi, Payariq tumani mutasaddilari taqdim etgan ma’lumotda kambag‘allar ro‘yxatida turuvchi 20 foiz fuqaroga takroriy ekin uchun yer ajratilgani ko‘rsatilgan. Aslida kambag‘allik ro‘yxatida turuvchi fuqarolarga yer ajratilmaganligi oydinlashdi.

Oqdaryo, Ishtixon va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida esa mutasaddilarning loqaydligi va mas’uliyatsizligi tufayli amaliy ishlarga haligacha kirishilmagan. Jumladan, Oqdaryo tumani Galaravot mahallasida yashovchi Quvonchbek Isoqov oilasi kam ta’minlanganlar ro‘yxatiga kiritilgan. Uning oilasiga g‘alladan bo‘shagan maydondan 50 sotix yer maydoni ajratilishi belgilangan. Afsuski, bu oilaga iqtisodiy ahvolini o‘nglash uchun haligacha yer ajratilmagan.

Kattaqo‘rg‘on tumanida ham kambag‘allikni qisqartirish uchun takroriy ekinga yer ajratish ishlari qoniqarli darajada olib borilmagan. Tumandagi 2 sektor hududiga qarashli Qiyot mahallasi o‘rganilganda haligacha kambag‘allar ro‘yxatida turuvchi fuqarolarga takroriy ekin ekish uchun yer maydoni ajratib berilmagani aniqlandi.

- Bizga mahalla tomonidan “Yashil vodiy” fermer xo‘jaligidan takroriy ekinga mosh ekish uchun yer ajratilganligi to‘g‘risida telefon qilib so‘rashdi, - deydi shu mahalladan yashovchi Marziya Mustafoyeva. – Aslida bizga hech qanday yer ajratilmaganligini aytdim. Mahalladagilar esa fermerga uchrashinglar, sizga yer ajratilgan dedi. Fermer esa unga kech ma’lumot berishganini, takroriy ekin uchun ajratilgan maydonlarni tarqatib bo‘lganini aytdi.

Ishtixon tumanidagi o‘rganishlarda ham g‘alla hosilidan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekish uchun kambag‘allarga yer ajratishda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilayotgani aniqlandi.

Samarqand viloyati iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni  qisqartirish boshqarmasi axborot xizmati.