Kambag‘alligidan oriyati ustun qizaloq yoxud uning onasiga nega shu paytgacha uy ajratilmadi?

Bir necha yildan beri uysiz, uch farzandi bilan sarson yurgan Irina Varlamovaning hayotini videolavhalarda ko‘rsatish maqsadida tasvirga tushirish ishlarini boshlashimizda chamasi o‘n yoshli qizchaning kameraga tushmaslikka intilayotganini kuzatdim. Meni bir chetga imlab, ko‘nglidagini aytdi: “Meni tushirmang, sinfdoshlarim ko‘rib qolsa uyalaman...”.

Bo‘g‘zimga nimadir tiqildi. Ko‘zlari mo‘ltirab qarab turgan shu qizaloqning haqini talab qilish uchun videotasvirga olayotganimizdan uyalib ketdim. Shu mushtdekkina boshiga hayotning achchiq-chuchuklarini bosib o‘tayotgan, onasiga yelkadosh bo‘lib 11 oylik singlisiga asosiy qarovchi bo‘lgan qizginaning oriyatidan uyaldim. Nahotki, ularga shu paytgacha boshpana ajratishga qunt qilmayotgan mutasaddilar uyalmayotgan bo‘lsa?!

Irina Varlamova SOS O‘zbekiston bolalar mahallalari uyushmasi Samarqand filialida katta bo‘ldi. Onasi 2005 yilda vafot etgan, otasini esa umuman ko‘rmagan. Ulg‘aygach, Mehribonlik uyida tarbiya topgan yigit bilan turmush quradi. Ikkalasi Samarqand shahridagi Ilmobod mahallasida joylashgan ijtimoiy uylardan birida yashaydi, farzandli bo‘lishadi.

- 2019 yil ijtimoiy uyda yashayotgan bir guruh yoshlar bilan hokim uchrashgandi, - deydi Irina biz bilan suhbatda. – O‘shanda boshlang‘ich to‘lovi to‘lab berilishi sharti bilan bizlarga kreditga uy, oila boshliqlariga ish taklif etildi. Uyning oylik kredit to‘lovi oyiga 4 million so‘mni tashkil etardi. Afsuski, va’da berilgan yuqori haqli ish topilmadi, shunda ham harakat qildik. Ammo iloji bo‘lmadi, keyin uyni sotishga, kreditdan yig‘ilib qolgan qarzlarimizni to‘lashga majbur bo‘ldik. Ya’ni, 2021 yildan beri shu tariqa ijarama-ijara sarsonmiz. Turmush o‘rtog‘im qiynaldimi, bilmadim, bizni tashlab ketdi. Katta bolam 9 yosh, kichigim 11 oylik, uch nafar farzandim bor.

Hozir qanday tirikchilik qilyapsiz, degan savolimga Irina “harakat qilyapman”, deydi. Aytishicha, odamlarning uylarini tozalashga chiqadi, baklashka teradi, xullas, qo‘lidan keladigan ishdan qochmaydi. Muhimi, bolajonlari uchun uyiga nimadir olib kelsa bo‘lgani. Ijara uyini ko‘zdan kechiramiz, aytishicha zo‘rg‘a izlab, sal arzonroq shu uyni topibdi.

Qiziq, 2021 yildan beri sarson-sargardon bu oilaga nahotki hech kim yordam bera olmayotgan bo‘lsa?! Irinaning aytishicha, mahalla tomonidan unga yordam ko‘rsatilib, o‘rtancha farzandi bog‘chaga bepul borishi ta’minlanibdi. Ammo 11 oylik chaqalog‘i uchun mana 3 oydirki bola puli olmayotgan ekan. Qiziq, bola puli Irina kabilarga berilmasa, kimlarga berilayotgan ekan?

- Bir necha bor shahar hokimligiga murojaat qildim, ammo befoyda, - deya suhbatni davom ettiradi Irina. – Ularning aytishicha, reyestrda yordam olganlar safida ekanman. Ya’ni o‘sha, Qorasuvda olingan uyning boshlang‘ich to‘lovi haqida gap ketyapti. Lekin biz bu uyni olmadik, sotib, pulini ham “yeganimiz” yo‘q, aksincha uning to‘lovlariga sarfladikku. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga uy ajratilishi kerakmasmi?

Albatta, ajratilishi kerak. Vazirlar Mahkamasining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning uy-joyga muhtojligi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlanadi. Bizningcha, aynan shu tizimda Irina Varlamovaga yordam ko‘rsatilgani belgilangan. Lekin bu xatolikni tuzatishning iloji yo‘qmi?

Bugun esa u yolg‘iz ayol. Boquvchisini yo‘qotgan. Bu jihatdan ham unga ko‘mak berilishi kerak.

Yana bir gap. Ramazon kunlarida saxovat qilishga shoshilgan hamshaharlarimiz bor. Ularga Irinaning manzilini berish imkonimiz bor. Eng katta savob mana shunday qiynalayotgan ona va uning yetim bolalariga ajratilgan yordam emasmi aslida.

Gulruh Mo‘minova,

Baxtiyor MUSTANOV.