Kanalga tushib ketgan “Damas” suvdan olib chiqildi

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida kanalga tushib ketgan “Damas” avtomobili olib chiqildi, deb xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Qayd etilishicha, 2020 yil 20 iyul kuni soat 08:25 atrofida Jarqo‘rg‘on tumani G‘ur-g‘ur mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi “Amuzang” kanaliga fuqaro T.A.ga tegishli “Damas” avtomashinasi haydovchining ehtiyotsizligi oqibatida tushib ketgan.

Mazkur holat bo‘yicha viloyat FVB g‘avvos-qutqaruvchilari voqea joyiga chiqib, avtoulov kanalning qaysi qismiga tushib ketganligiga aniqlik kiritdi va samarali, tezkor harakatlar natijasida avtomashinani suvdan olib chiqdi.

Amaliy yordam ko‘rsatish ishlariga favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan 2 ta maxsus texnika, 10 nafar qutqaruvchi jalb qilindi.