Karantin qoidasini buzgan “shovvoz” jazolandi

Joriy yilning 5 aprel kuni soat 21:00 larda Samarqand tumani Quyi Chordara mahallasida yashovchi S.N. mahalladagi savdo do‘konidan spirtli ichimlik xarid qiladi. Ichimlikni uyida iste’mol qilgandan so‘ng, karantin qoidalarini buzib, tibbiy niqob taqmasdan ko‘chaga chiqadi.

Nima ish qilayotganini anglab yetmagan S.N. qo‘shnisi M.X.ning xonadoniga barib, darvoza hamda derazalarini taqqillatadi va uni turli nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qila boshlaydi. Bundan xabar topgan mahalla raisi va profilaktika inspektori tomonidan huquqbuzarga nisbatan barcha hujjatlar to‘planib, Samarqand tumani ma’muriy sudiga yuboriladi.

Tuman ma’muriy sudi huquqbuzar S.N.ni O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 54-moddasi 1-qismi va 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik harakatlarini sodir qilgan deb topadi.

Sud qaroriga asosan, huquqbuzarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida jarima jazosi hamda 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Samarqand tumani hokimligi axborot xizmati.