Karantindan chiqqan fuqarolarni manzillariga yetkazmasdan, yo‘lda tashlab ketgan haydovchiga ma’muriy chora ko‘rildi

Toshkentda karantin zonasidan chiqqan fuqarolarni avtobus haydovchisi o‘zaro tushunmovchilik sabab manzillariga yetkazmagan. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 10 aprel kuni Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan karantin o‘tash maxsus hududida bo‘lgan fuqarolarga uylariga qaytish uchun ruxsat berilgan.

Ularni manzillariga yetkazish uchun esa “Toshshahartransxizmat” AJ jami 11 ta MAN rusumli turistik avtobuslar ajratgan bo‘lib, shundan 6 tasi viloyatlarga ketuvchi fuqarolarni belgilangan manzillariga yetkazish uchun biriktirilgan. 5 ta avtobus esa Toshkent shahrida yashovchi fuqarolarni manzillariga yetkazib qo‘yishi belgilangan.

Barcha avtobuslar fuqarolarni belgilangan manzillarga yetkazgan. Faqat poytaxtning Janubiy vokzali, 16-shahar shifoxonasi, Chilonzor metrosi, Farhod bozori, Olmazor, Sebzor yo‘nalishlari bo‘yicha ketayotgan avtobus so‘nggi yo‘lovchilarini o‘zaro tushunmovchilik sabab manzillariga yetkazmagan.

Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng yuzaga kelgan mazkur vaziyat jamiyat mutasaddilari tomonidan o‘rganilgan.

MAN rusumli turistik avtobus haydovchisi M.X. haqiqatan ham 3 nafar fuqaroni o‘z manziliga (Algoritm mavzesi) yetkazmasdan, Farhod bozori atrofida tushirib qoldirganini tan olgan. Oqibatda ushbu fuqarolar yo‘lda qolib ketgan.

Haydovchining ushbu xatosi sabab unga nisbatan ma’muriy javobgarlik jazosi qo‘llanilgan.