Avtomobilida odam jasadi borligini aytib, davlat raqam belgisini yashirgan haydovchi jarimaga tortildi

Joriy yil 7 yanvar kuni Jizzax viloyati hududida joylashgan "Manas-14" muntazam yo‘l-patrul xizmati maskanidan harakatlanib o‘tayotgan, davlat raqam belgisi ustiga "Gruz-200" yozuvi yozilgan qog‘ozni yopishtirib olgan "Kobalt" rusumli avtomobil to‘xtatilganda, haydovchi avtomobilda odam jasadini olib ketayotganligini aytgan.

Xolislar ishtirokida avtomobil saloni va yukxonasi tekshirilganda, haydovchining so‘zlari yolg‘on ekanligi, haydovchi yo‘llardagi fotoradarlarga tushib qolmaslik, tezlikni me’yoridan oshirib transport vositasini boshqarish maqsadida ana shunday yolg‘onni o‘ylab topganligi ma’lum bo‘lgan.

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi axborot xizmati bergan xabarga ko‘ra davlat raqam belgilarini ko‘rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to‘sqinlik qiladigan ashyo o‘rnatgan haydovchiga nisbatan yo‘l harakati qoidalarining 3-ilovasi, 7.15-bandida belgilangan talablarni buzganliklari bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 127-moddasi 2-qismi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.