Karantinning yaxshi tomonlari ham bor ekan...

Yangi hayotim boshlandi, shekilli. Qizlarim va o‘g‘lim katta bo‘lib ketishibdi. Yaxshilab razm solib, hayron qoldim. Vaqt buncha tez o‘tmasa! Kechagina ularni bog‘chasiga, maktabga tashlab, ishga o‘tib ketardim. Bo‘ylari bo‘yim bilan tenglashib qolibdi...

Nechanchi sinfda o‘qishayotgan bo‘lishsa? So‘rasammikin? Yo‘g‘-ye, juda noqulay. Yaxshi gurunglashyapmiz, gap-so‘zlaridan bilib olarman.

Qizim repetitorlarga borishni to‘xtatdim, deydimi? Qaysi fanlardan repetitorga borar ekan? Xoli qolganimizda xotindan so‘rarman...

G‘alati bo‘larkan, erta ketib kech tushganda, bolalar uxlashga yotganida uyga kirib keladigan odam, nonushta, tushlik va kechki ovqatni birgalikda qilishsa.

Oilamiz tarixida bo‘lmagan vaziyat. Davlatning odami bo‘lgach, shu-da?! Xotin ham ovqat qilishni eplar ekan, lekin. Choyxonanikidan sira qolishmaydi. Faqat ulfatlar yetishmayapti-da. Kichkintoyim “Hamma uyda bo‘lsa, qanday yaxshi! Birga o‘ynaymiz, birga ovqatlanamiz, birga ishlaymiz” deb og‘zi qulog‘ida.

Qo‘shnilarim ham yomon odamlarga o‘xshamaydi. Bir parcha hovlimizga har yili mardikor solib, u-bu narsa ektirardim. Bu yil xotin “uydasizku, o‘zingiz qiling”, deb turib oldi. Qo‘lim ketmon, “lopatka” ko‘rmaganiga yuz yil bo‘ldi-yov. Nachora, uyda faqat yotaverish ham yaramaydi. Yon qo‘shnimiz uzoq yillardan so‘ng, nihoyat o‘g‘il farzandli bo‘libdi. Suyunchisiga qo‘chqor so‘yib, go‘shtini tarqatayotgan ekan, bizga ham ilindi. Ketmonni shunday tashlab, bolalarimga dimlama qilishga kirishdim. O‘choqqa o‘tin qalab pishirdim. “Gaz turganda, o‘choq nimasi?” deb xotin gap boshlagan edi “Yegach, mazasiga baho berarsiz”, deb ko‘nglini oldim.

Yaqinlarim uchun mazali tushlik tayyorladim. O‘zim ham yayradim, bolalar ham. Ro‘zg‘orga qarasam, erkak bajarishi lozim bo‘lgan ishlar ham ko‘payib qolibdi. Jo‘mrak buzilgan, mebellarni qotirish kerak, “rokovina”dan suv yaxshi ketmayapti, darz ketgan oynani almashtirish lozim... Eh-he, bular mensiz avval qanday yashashgan ekan-a?! Avval uyga faqat uxlash va kiyim almashtirish uchun kelib ketavergan ekanman-da. O‘g‘lim bilan biroz shaxmat o‘ynab, keyin bu ishlarga kirishmasam bo‘lmaydi.

Xotin nima deydi, deng: Yaxshiyam, karantin e’lon qilinibdi, endi risoladagidek oilaga aylanarmishmiz. Bunday demang, xonim koronavirus juda xavfli desam, “u yaxshi odamlarga xavf sololmaydi” deydi. Muhimi, tozalikka rioya qilib, uydan chiqmasligimiz kerak ekan. Xotin kishiga bir narsa deb, gap uqtirib bo‘larmidi? “Sizniki ma’qul”, deb qo‘ydim...

Ota G‘AYRAT.