Kasaba uyushmalar faoliyati: Sanatoriy va yozgi oromgohlarda zarur sharoit yaratish bo‘yicha qilinayotgan ishlar qanday natija beryapti?

Sohaga qaratilgan e’tibor shu yil yoz faslida ayniqsa, yaqqol namoyon bo‘ldi. Yozgi bolalar oromgohlariga borishni istovchi ko‘pligidan hatto ba’zilariga joy topa olmay qolish holatlari kuzatildi.

Yaxshi bilamiz, uzoq yillar davomida yozgi oromgohlar eski tartib va shaklda ish olib borar, unda dam olish uchun ota-onalar farzandlarini jo‘natmay qo‘yishgandi. Ba’zi yozgi oromgohlar esa tashlandiq ahvolga kelib qolgani ham rost edi. Keyingi yillarda ushbu tizim to‘lig‘icha kasaba uyushmalari tizimiga o‘tishi tufayli e’tiborga tushadigan o‘zgarishlar kuzatildi.

Samarqand viloyatida bir paytlar 40 yaqin yozgi bolalar oromgohlari mavjud bo‘lgani holda ularning sanoqlisigina o‘z faoliyatini davom ettira oldi. Tabiiyki, barchasi mablag‘ bilan bog‘liq. Ayni paytda ularning o‘ntasi o‘z faoliyatini yangicha tartib va shaklda davom ettirmoqda.
Viloyat Matbuot uyida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi rahbari Suhrob Rafiqov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida yozgi oromgohlar, sanatoriylar bo‘yicha yangiliklar, sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar xususida ma’lumot berildi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan yangi sanatoriylarni qurish, mavjudlarida dam oluvchilar uchun sharoitlarni tubdan yaxshilash, o‘rinlar sonini oshirish borasida olib borilgan ishlar bugunga kelib o‘z natijasini bermoqda, - dedi S.Rafiqov anjuman ishtirokchilariga. - Xususan, 2016 yilda tizimda 17 ta sanatoriy va 2 ta dam olish uyi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda 31 ta sanatoriy faoliyat yuritib, ularda 7185 ta o‘rinlar dam oluvchilar uchun xizmat qilib kelmoqda.

Jumladan, 2020-2024 yillarda 7 ta yangi – “Yangiyer”, “Ko‘hinur”, “Xo‘jaipok”, “Chinobod plaza”, “Sangardak”, “Zarkent”, “Sevarsoy” sanatoriylari qurilib foydalanishga topshirildi, 8 ta sanatoriyda zamonaviy yotoq, davolash va oshxona, davolash binolarini qurish va rekonstruksiya qilish, jihozlash ishlari amalga oshirildi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashi tomonidan 2025 yil davomida jami 6200 nafar xodimlarni sog‘lomlashtirish belgilangan. Joriy yilning o‘tgan 6 oy davomida 2523 nafar ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolari sog‘lomlashtirildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining dasturi asosida foydalanilgan sanatoriy yo‘llanmalarning 92 tasi ishlovchi mehnat faxriylari, baynalminalchi jangchilar, Chernobilchilar, olis va chekka hududlarda yashovchi farzand talab yosh oila vakillari hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning ishlovchi vakillariga bepul berildi.

Ma’lumot o‘rnida: Keyingi 5 yil davomida viloyat bo‘yicha 24 ming 259 nafar ishchi-xodim va ularning oila a’zolari kasaba uyushmalari tizimidagi turli sanatoriylarda sog‘lomlashtirilishiga erishildi.
Ma’lum bo‘lishicha, kasaba uyushmasi a’zosi bo‘lmagan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ma’lum imtiyozlar asosida sanatoriylarga yo‘llanma olish uchun bugungi kunda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining joylardagi bo‘limlariga murojaat etish lozim.

Yana bir muhim yangiliklardan biri – Qirg‘iziston Respublikasidagi Issqiko‘l hududida mamlakatimizga tegishli bo‘lgan sanatoriy ochildi. Endi kasaba uyushmasi a’zolari unda ham imtiyozli shartlarda dam olish imkoniga egal bo‘lishadi.
Anjuman davomida jurnalistlar mazkur masalalar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Gulruh MO‘MINOVA.