Kasaba uyushmasi tizimidagi yosh xodimlar qo‘llab-quvvatlanadi

Jamoat xizmati internatsionali Yevropa federatsiyasi (EPSU) 1978 yilda tashkil etilgan va 260 dan ortiq kasaba uyushma tashkilotlaridan 8 million jamoat xizmati xodimlarini birlashtiradi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi 2020 yil 1 yanvardan federatsiyasining a’zo tashkiloti hisoblanadi. Federatsiya o‘zining mintaqaviy yig‘ilishlarini an’anaviy tarzda yilda kamida bir marta a’zo davlatlar hududida o‘tkazib keladi. Jumladan, Jamoat xizmati internatsionalining Yevropa federatsiyasi Markaziy Osiyo saylov okrugining navbatdagi mintaqaviy yig‘ilishi joriy yilning 16-17 mart kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan edi.
shundan bir oy o‘tib, ya’ni 16-17 aprel kunlari Samarqand davlat tibbiyot universitetida Jamoat xizmati internatsionali Yevropa federatsiyasi yoshlar kengashi hamraisi Alina Tankelyun, Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi Farhod Xanapiyayev hamda sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi mas’ullari ishtirokida «Rahbar va yoshlar uchrashuvi» bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi tizimida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, yosh xodimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolariga yechim topish maqsadida Samarqand, Sirdaryo, Jizzax, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari yoshlari bilan ochiq muloqot qilindi.
- Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashishni, soha mutasaddilari hamkorligida ularning murojaatlarini eshitib, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, kasaba uyushmalari tizimida faoliyat boshlashiga ko‘maklashish hamda Yevropa mamlakatlari tajribasini yoshlarga o‘rgatishni maqsad qilganmiz, - deydi Alina Tankelyun. – Yaqinda Buxoro davlat tibbiyot institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Buxoro viloyatlari yoshlari uchun dastlabki uchrashuvni o‘tkazgan edik. Bugun esa Samarqandda beshta viloyat yoshlari jam bo‘ldi. Keyingi uchrashuv Toshkentda O‘zbekistonning boshqa viloyatlaridagi yoshlari bilan o‘tkaziladi va kasaba uyushmalari tizimida faol ishlayotgan talaba-yoshlar, yosh xodimlar saralanib, yoshlarga yetakchi sifatida biriktiriladi hamda o‘zini ko‘rsatishi va iqtidorini namoyish etishi uchun sharoit yaratiladi.
Uchrashuv davomida sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.