Kattaqo‘rg‘on shahri hokimligi axborot xizmati uchun yaratilgan sharoitlar namuna sifatida ko‘rsatildi

Kattaqo‘rg‘on shahrida viloyat hokimligi axborot xizmati, axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida “Davlat hokimiyati organlari axborot xizmatlari rahbarlarining OAV bilan hamkorligi samaradorligi” mavzusida seminar tashkil etildi.

Viloyatdagi tuman va shahar hokimliklari axborot xizmati rahbarlari ishtirok etgan tadbirda matbuot kotiblari oldiga qo‘yilgan vazifalar, ular bilan OAV xodimlari o‘rtasidagi hamkorlik samaralari xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati faoliyatiga oid taqdimot ham o‘tkazildi.

- Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati xodimlari uchun barcha sharoitlarga ega alohida xona ajratilgan, - deydi viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi bosh mutaxassisi Rohila Ochilova. - Bugungi sayyor seminarning aynan shu shaharda o‘tkazilayotgani bejiz emas. Chunki bu yerda axborot xizmati xodimi uchun kerakli barcha sharoitlar yaratilgan. O‘ylaymizki, boshqa shahar va tumanlarda ham axborot xizmati rahbarlari uchun ana shunday imkoniyatlar yaratiladi.

Tadbir doirasida viloyat teleradiokompaniyasining ijodiy va texnik xodimlari mahorat darslari o‘tkazdi.

To‘lqin SIDDIQOV.