Kattaqo‘rg‘onda “Payshanba meteostansiyasi" faoliyat boshladi
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 17 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida joylarda tuproqning harorati, namligini o‘lchash, ko‘klamdan kech kuzgacha o‘simlikning rivojlanish jarayonini kuzatib, olinadigan hosilni prognoz qilib berish imkoniyatiga ega meteostansiyalar qurish zarurligi belgilangan edi.
Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumani Mo‘llako‘rpa mahallasida “Payshanba meteostansiyasi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur meteostansiyani o‘rnatilishi fermer va dehqon xo‘jaliklarini agrotexnik tadbirlarni o‘tkazishga oid tavsiyalar bilan ta’minlash imkoni beradi. Chunki meteostansiya agroiqlim bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarni prognozlashtiradigan bir nechta datchiklar bilan jihozlangan.
Mazkur qurilmalar orqali vegetatsion qatlam va undan yuqoridagi ob-havo harorati, atmosfera bosimi, quyosh radiatsiyasi, havo tezligi va yo‘nalishi, yog‘ingarchiliklar, tuproq namligi va harorati, yer osti suvlari darajasi aniqlanadi. Mazkur ko‘rsatkichlar o‘simliklarning o‘sishini va hosil bo‘layotgan biomassalarni baholashga ko‘mak berib, yerlarda iqlim, suv sharoitlariga mos o‘simlik navlarini aniqlash va yetishtirish imkonini beradi.
Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Jamshid Nacriddinov ushbu meteostansiyaning ishlash jarayoni bilan tanishdi, dehqon-fermerlar uchun bu qurilmaning nechog‘li ahamiyatli ekanini ta’kidladi. Mazkur meteostansiyada kuzatuv ishlarini kengroq olib borish uchun zarurligini aytib, buning uchun yer maydoni ajratish bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriq berdi.
Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi axborot xizmati.