Kattaqo‘rg‘on tumanida vetpunkt mudirlariga 23 million so‘m oylik ish haqi to‘lanmagan
Yurtimizda naslchilik-seleksiya ishlarini yuritishning ilmiy asoslangan innovatsion uslublarini joriy etish, chorva mollarini sun’iy urug‘lantirishni tizimli tashkil etish, qishloq xo‘jaligi hayvonlari orasidagi epizootik osoyishtalik hamda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.
Qaror asosida O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil etildi.
Shuningdek, veterinariya uchastkalaridagi 1 500 nafar xodimlarning oylik ish haqqiga qo‘shimcha ravishda ularning tarif razryadlari 3 razryadga oshirildi.
Ammo ana shu tamoyil hamma joyda ham bir xilda ishlayaptimi? Afsuski, o‘rganishlar bu savolga “yo‘q”, deb javob berishni taqozo qilmoqda.
Negaki, Kattaqo‘rg‘on tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limida qaror ijrosi monitoring qilinganda 24 nafar vetpunkt mudirlarining oylik ish haqi 3 oy kech oshirilganligi aniqlandi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limining vetpunkt mudirlariga oylik ish haqiga qo‘shimcha ravishda to‘lab berilmagan 23 million 219 ming 856 so‘mni to‘lash bo‘yicha taqdimnoma kiritildi.
O‘tkir HAKIMOV,
Kattaqo‘rg‘on tumani adliya bo‘limi boshlig‘i.