Kattaqo‘rg‘onda 16 nafar ishchiga berilmagan 179 million so‘mlik ish haqlari sud tartibida undiriladigan bo‘ldi

Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limi boshlig‘i Farhod Zarifovga ko‘ra, mazkur ishchilar “Ta’mirlash tiklash xizmati” DUKda ishlagan. Ularning ololmayotgan mehnat haqi yuzasidan adliya bo‘limiga korxona hisobchisi murojaat qilgan.

Mazkur murojaatni o‘rganish jarayonida bosh hisobchi bilan birgalikda korxonaning jami 16 nafar xodimiga 179.944.884 so‘m miqdoridagi ish haqlari to‘lanmasdan kelinganligi aniqlangan va adliya bo‘limi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudiga ariza kiritilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2021 yil 14 oktyabrdagi sud buyrug‘iga asosan “Ta’mirlash tiklash xizmati” DUK Kattaqo‘rg‘on shahar filialining zimmasiga korxonaning 16 nafar xodimiga jami 179.944.884 so‘m miqdoridagi ish haqlarini to‘lab berish majburiyati yuklatildi.