Kattaqo‘rg‘onda notariusdan tovlamachilik yo‘li bilan 38 000 AQSh dollari talab qilgan shaxs qo‘lga olindi

7 may kuni Samarqand viloyati IIBga Kattaqo‘rg‘on shahrida notariuslik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqaro ariza bilan murojaat qilgan.
Unda Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi Sh. ismli shaxs 2020 yil sentyabr oyidan buyon uni fuqarolar o‘rtasidagi uy-joy oldi-sotdi shartnomasini noqonuniy rasmiylashtirganligini ro‘kach qilib, jinoiy javobgarlikka torttirib, qamatib yuborish bilan qo‘rqitib kelayotganligini, 38 000 AQSh dollari evaziga tergov organiga borib aybi yo‘qligini yozib berib, tinch qo‘yishini aytib, undan tovlamachilik yo‘li bilan pul talab qilayotganligini bildirgan.

Arizaga asosan, o‘tkazilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida Kattaqo‘rg‘on shahar kadastr xodimlarining noqonuniy harakatlari bo‘yicha jinoyat ishi mavjudligi, jinoyat ishi yuzasidan xususiy notariusning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud emasligi aniqlandi.

Shundan so‘ng, mazkur arizaga asosan Samarqand viloyati IIB korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda Davlat xavfsizligi xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida Kattaqo‘rg‘on tumani Payshanba shaharchasida tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbirda Kattaqo‘rg‘on tumani Baland Chordara mahallasida yashovchi M.Sh. ariza muallifidan 33 000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanib, hujjatlashtirildi.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar berishicha, mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.