Kattaqo‘rg‘onda quyosh elektr stansiyasini qurish uchun investor aniqlandi
Bugun, 20 may kuni Samarqand va Jizzax viloyatlarida har birining quvvati 180-220 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr (quyosh) stansiyalarini (QFES) qurish loyihalari bo‘yicha tender g‘oliblari aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Elektr energiyasining har bir kVt soatiga 1,57 sent taklifi bilan Abu Dhabi Future Energy Company PJSC (Masdar 220 MVt) kompaniyasi Kattaqo‘rg‘on tumanida elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender g‘olibi deb topildi.
Shuningdek, har bir kVt soat elektr energiyasi uchun 1.578 sent taklif qilgan Abu Dhabi Future Energy Company PJSC (Masdar 220 MVt) kompaniyasi Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida QFES quradi.
Loyihalar doirasida har bir ishlab chiqaruvchi investor quyosh elektr stansiyasini, shuningdek 220 kVli yangi podstansiyani qurishi kerak.
Ma’lumot uchun: mazkur tender savdolarida 84 ta xalqaro kompaniya ishtirok etish istagini bildirgan. Shulardan ikki bosqichli tanlovdan o‘tganidan so‘ng 15 ta malakali ishtirokchilar takliflarni, shu jumladan tijorat, texnik va moliyaviy takliflarini bildirishdi.
2021 yilning 16 mayiga qadar takliflarni qabul qilish davomida Samarqandda 7 ta loyiha, Jizzaxda 8 ta loyiha taklifi kelib tushdi.
Ushbu loyihalar O‘zbekistonda umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish dasturining bir qismi hisoblanib, u Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi tomonidan amalga oshirilmoqda. Dasturga Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) texnik yordam ko‘rsatadi.