Kattaqo‘rg‘onda shu yilning o‘zida 143,2 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajariladi
Gap Kattaqo‘rg‘on tumanida amalga oshirilayotgan qurilish, obodonchilik, bunyodkorlik ishlari haqida bormoqda. Tuman hokimligi bosh mutaxassisi Masariddin Rasulovning aytishicha, joriy yilda tumanda sohalar bo‘yicha zarur qurilish ishlarini bajarish uchun davlat va mahalliy byudjet hisobidan yetarlicha mablag‘lar ajratilgan.
Jumladan, 33 milliard so‘m mablag‘ evaziga 41 mahallada 45,3 kilometr yo‘l ta’mirlanadi, shundan 48,4 kilometr yo‘l asfalt qilinsa, 96,9 kilometr yo‘lga shag‘al yotqiziladi. “Payshanba-Kattaqo‘rg‘on” avtomobil yo‘lining Mullako‘rpa mahallasi hududidan o‘tuvchi Qoradaryo daryosi ko‘prigi rekonstruksiya qilinadi.
Aholining internet tarmog‘iga ulanishini sifatli ta’minlash maqsadida 121 kilometr aloqa kabellari yotqiziladi, 12 ta bazaviy stansiya quriladi. 4 ta MTT, 13 ta maktab va 4 ta tibbiyot birlashmasiga qarashli ob’yektlar qiyofasi yangilanadi. Ushbu ishlarni bajarish uchun 32,9 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. 1900 metr masofadagi daryo o‘zanlarini to‘g‘rilash va qazish ishlari uchun 1,9 milliard so‘m sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Tuman aholisini uy-joy bilan ta’minlash uchun “Kadan” mahallasidan uchta 5 qavatli, “Bog‘ot” mahallasidan uchta 5 qavatli hamda Mirzo Ulug‘bek nomli mahalladan bitta 5 qavatli uylar qurilib, 160 oila uy-joyli bo‘ladi. Ushbu uy-joylar 25,3 milliard so‘m evaziga qurilib, foydalanishga topshiriladi.
Tuman markazining me’moriy qiyofasini zamonaviylashtirish uchun 6,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Buning evaziga 5,5 kilometr zamonaviy piyodalar yo‘lakchasi, 5,5 kilometr velosiped yo‘laklari va 400 metr irrigatsiya tizimlari quriladi. Shuningdek, 16 ta zamonaviy avtobekatlar qurilishi uchun 760 million so‘m, 28 ta mahalla binosini yangidan qurish va ta’mirlash uchun 7,7 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bundan tashqari, piyodalar yo‘laklari, tungi yoritish chiroqlari, “Workout”, mini-futbol, badminton va stritbol qurilmalari qurilishi belgilangan.
Elektr energiyasi, tabiiy gaz, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi maqsadlar ham asosiy e’tiborimizda. Bu singari barcha qurilish ishlarini amalga oshirish uchun 143,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.