Kattaqo‘rg‘onda tadbirkordan 2 000 AQSh dollari undirmoqchi bo‘lgan xalq ta’limi bo‘limi mutaxassisi ushlandi

DXXning Kattaqo‘rg‘on shahar hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida Kattaqo‘rg‘on tumani xalq ta’limi bo‘limi mutaxassisi A.Sh. “L.S.” MChJ tomonidan tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktabida amalga oshirilgan 300 mln. so‘mlik joriy ta’mirlash ishlarini bajarilganligi haqidagi dalolatnomani XTB mudiriga tasdiqlatib berish evaziga 2 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.