Kattaqo‘rg‘ondagi kutubxonaning gavjumli siri nimada?

Gap Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot kolleji qoshidagi axborot-resurs markazi haqida bormoqda.

Kutubxona 32 600 ga yaqin kitob fondiga ega. Maskanning doimiy kitobxonlari 2250 nafarni tashkil etadi. Axborot-resurs markazida kompyuter, skaner va printerdan foydalanish, internet tarmog‘iga ulanish mumkin.

Kollej axborot-resurs markazining kitobxonlar doirasi keng. Kutubxona xizmatidan shaharning O‘rikzor, Navbahor, Do‘stlik mahallasi faxriylari ham foydalanadi.

- Kutubxona xodimlari bizni ochiq chehra bilan kutib oladi, tadbirlarga taklif etadi, - deydi Soli Muqimov. – Yoshim 67 da. Bu yerga tez-tez kelib, yangi gazeta-jurnallarni mutolaa qilib qaytaman.

Yaqinda kollejda faol kitobxonlar ishtirokida “Kitob va kitobxon” mavzusida davra suhbati uyushtirildi.

- Bugun kitob chop etish ancha oson bo‘lib qoldi. Shuning uchun ham puli bor, kitob xarajatlarini to‘lashga qurbi yetadiganlar turli “kitob”lar chiqara boshladi, - deydi kollej direktori Erkin Nurnazarov. – Tadbirda so‘nggi yillarda chop etilgan eng yaxshi asarlar, xalqchil, mazmunli kitoblar, shuningdek, ayrim nashriyotlarda “mendan ketguncha...” qabilida bosilib, tarqatilayotgan “kitob”lar xususida ham suhbatlashdik. Men o‘quvchilarimga asl badiiy, ilmiy-publitsistik kitoblarni o‘qishni maslahat beraman. Ular bilan davra suhbatlari uyushtirib, o‘qigan kitoblarini so‘rab boraman.

Kollej qoshidagi axborot-resurs markazining gavjumligi ham shunda. Bu yerda tahsil olayotgan yoshlar kitob mutolaa qilmasdan yetuk kasb egasi bo‘lolmasligini yaxshi bilishadi.

Abduaziz HOShIMOV.