Kavsarlik 19 nafar yoshning bandligi ta’minlandi

Koronavirus pandemiyasi tufayli e’lon qilingan karantin davrida Samarqand viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida keng ko‘lamli ishlar hayotga tatbiq qilinmoqda. Jumladan, Ishtixon tumani davlat soliq inspeksiyasiga biriktirilgan 4-sektorda aholining kam ta’minlangan va ishsiz qatlami bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Sektor hududidagi Bog‘bon mahalla fuqarolar yig‘ini Kavsar qishlog‘idan ajratilgan 1,9 gektar yer maydonida “Shijoatli yoshlar davri” qishloq xo‘jaligi kooperativi tashkil etildi. Ta’kidlash joizki, iqtisodiy ko‘makka muhtoj va ishsiz bo‘lgan 19 nafar kavsarlikka sabzavot ekish uchun 10 sotixdan yer maydoni ajratib berildi. Mazkur qishloq xo‘jaligi kooperativi yer maydoniga “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili bo‘yicha pomidor ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda kooperativ a’zolariga 42 million 300 ming so‘mlik subsidiya ajratish bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirildi. Bundan tashqari, kelgusida mazkur kooperativga pomidor ko‘chatlari yetkazib berish maqsadida qishloqda istiqomat qiluvchi 7 ta kambag‘al oilaga 0,5 sotixli issiqxona qurishga subsidiya ajratishga dastlabki hujjatlar rasmiylashtirilganini qayd etish lozim.
– Tuman 4-sektori rahbari yordamida bizga yer maydoni ajratilib, ekish uchun ko‘chatlar berildi, – deydi Dilbar Shernazarova. – Quvonarlisi, bu iqtisodiy ahvolimizni yaxshilash, barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishimiz uchun ajoyib imkoniyatdir. Bu imkoniyatdan unumli foydalanib, turmushimiz farovonligini oshiramiz. Mamlakatimizda aholining kambag‘al qatlamini qisqartirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlardan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.