Kaxovkada vaziyat qanday?: "Kaxovskaya" GESini Rossiya portlatdimi yoki Ukrainami? Balki to‘g‘on o‘z-o‘zidan qulagandir?
Ukraina va Kreml bir-birini Dneprning quyi oqimida suv toshqiniga sabab bo‘lgan "Kaxovskaya" GESi to‘g‘onini portlatishda ayblamoqda.
Biroq to‘g‘onning qasddan vayron qilingani haqida hech qanday dalil keltirilmayapti. AQSh rasmiylari anonim vakillar orqali Rossiya qo‘shinlarining ushbu falokatga aloqadorligini tasdiqlovchi hujjatlarni oshkor qilishga va’da berdi, biroq keyinchalik ularda hech qanday ishonchli dalillar yo‘qligi rasman e’lon qilindi. To‘g‘on portlashiga sabab bo‘lgan holatning video dalillari hali topilgani yo‘q. Bunday sharoitda falokat sabablarining uchta versiyasini tanlashgina qoladi: u yoki bu tomondan portlatish yoki to‘g‘onning o‘z-o‘zidan vayron bo‘lishi.
Hozirda mavjud bo‘lgan yagona tahlil vositasi Dneprning quyi oqimidagi suv toshqini kimga ko‘proq foyda keltirishini aniqlashdir. Ammo faqatgina motiv to‘g‘ridan-to‘g‘ri aybni isbotlamasligi bor gap.
6 iyunga o‘tar kechasi Rossiya tomonidan bosib olingan Xerson viloyatidagi Novaya Kaxovkadagi gidroelektrostansiyaning yuqori qismi vayron bo‘lib, 12 metrdan ortiq darajaga ko‘tarilgan suvning nazoratsiz oqishi sodir bo‘ldi. 14 ta aholi punkti toshqin hududida qolgan, jami 80 ga yaqin aholi punktlariga suv tahdid qilgan.
Dnepr sohillarida yashovchilar evakuatsiyasi boshlangan. Yangi Kaxovka deyarli suv ostida qolgan. Xerson viloyatida favqulodda holat joriy etilgan.
Tergovchilar GESda sodir bo‘lgan voqealarning barcha versiyalarini ko‘rib chiqmoqda, chunki qulashi tufayli vaziyatni tahlil qilish qiyin kechmoqda.
7 iyun kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Novokaxovka tumanida suv sathi 31 santimetrga kamaygani haqida xabar berdi. Dnepr sohillarida joylashgan 300 ga yaqin uy aholisi evakuatsiya qilingan. So‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, Kaxov halokatida 5 kishi halok bo‘lgan, 50 kishiga yaqin jarohatlangan, bedarak yo‘qolganlar bor.
Xersondagi qirg‘oq hududlari ham suv ostida qoldi. Xerson viloyati hukumati rahbari Andrey Alekseyenkoning aytishicha, 22 ming aholi istiqomat qiladigan 14 ta aholi punkti suv toshqini zonasiga tushib qolgan. Eng kuchli suv toshqini Dnepr va Korsunkada bo‘lgan. Ukraina nazorati ostidagi hududda 40 ga yaqin shahar va qishloqlar suv ostida qolgan.
Ayni paytda Nova Kaxovkada suv sathi pasayayotgani aytilmoqda, biroq u suv bosgan barcha hududlarni butunlay tark etishi uchun kamida yetti kun kerak bo‘ladi. Bugun shahar elektr va ichimlik suvi bilan ta’minlangan.
"Kaxovskaya" GESi infratuzilmasi vayron bo‘lishi oqibatlari 20 mingdan ortiq tinch aholiga ta’sir qilishi aytilmoqda. Buning ustiga, GES vayron bo‘lgach, Novaya Kaxovkada infeksiya xavfi tug‘ildi, chunki qabristonlardan biri yuvilib ketgan.
BMT "Kaxovskaya" GESi vayron bo‘lganidan keyingi vaziyat suvning doimiy ko‘tarilishi tufayli yaqin soatlarda yomonlashishini bashorat qilmoqda.
Erdo‘g‘on gidroelektr stansiyasida sodir bo‘lgan voqeani tekshirish uchun xalqaro komissiya tuzishni taklif qildi.
Ma’lumot uchun: "Kaxovskaya" GESi 1970 yillarning o‘rtalarida qurib bitkazilgan Dneprdagi (Kiyev, Kanevskaya, Kremenchugskaya, Dneprodzerjinskaya, Dneprovskaya va Kaxovskaya) GESlar kaskadining bir qismidir. Stansiya kaskadning oltinchi, pastki bosqichidir. U daryo bo‘yidagi boshqa GESlar ostida, Novaya Kaxovkadan 5 kilometr uzoqlikda joylashgan.