Kechagi haqiqat - bugungi yolg‘on. Odamlarni o‘z domiga tortayotgan seriallar ta’siri va G‘arbona ayanchli demografik vaziyat
1963 yil 22 noyabrda Dallasda AQShning 35-Prezidenti Jon Kennedi (1917-1963) shafqatsizlarcha o‘ldirilganidan keyin, 1970 yillarda mamlakatda yangi elitaning hukmronligi o‘rnatildi. Bu davrda televideniye, san’at, tomoshalar industriyasi, ta’lim tizimi kishilar ongiga g‘oyalar, timsollar, qarashlar va qadriyatlarni singdirib, tamoman yangi millatni shakllantirishga intildi. Buning oqibatida millionlab odamlar o‘z yurtida o‘zini begonadek his eta boshladi. Hayvoniy mayl va gedonistik (hayotning mazmun-mohiyati aysh-ishrat va lazzatlanishdan iborat, deb hisoblaydigan qarashlar tizimi) qadriyatlar kuchayib, qadimiy bayramlar yo‘qoldi. Ilgarigi qahramonlar timsoli so‘nib, madaniy maydonni kuch, zo‘ravonlik, behayolikni targ‘ib etayotgan super qahramonlar egalladi. Odamlar ajdodlardan meros azaliy ma’naviy qadriyatlar tag tomiri bilan yulib tashlangani, o‘sib-ulg‘aygan mamlakat nobud bo‘layotganini kuzatishsa-da, ilojsiz qolishdi. “Nima ham derdik, bugun bu kuy voqelikka aylandi: kechagi haqiqat bugungi yolg‘on bilan o‘rin almashdi.
“Ilgari sharm-hayo, uyat deb hisoblangan illatlar: zino, abort, evtanaziya (har xil harakatlar yoki qurollar bilan, uning ichida hayotini sun’iy yo‘l bilan ushlab turgan asboblarning ishini to‘xtatish yo‘li bilan be’morning o‘z o‘limini tezlatish haqidagi iltimosini qanoatlantirish), suiqasd butun insoniyat erishgan yutuq sifatida baholanmoqda, - deb yozadi Byukenen “G‘arbning halokati” asarida. – Bir vaqtlar Nitshe qadriyatlarning qadrsizlanishi haqida fikr yuritgan edi. Darhaqiqat, ilgarigi fazilatlar bugun gunoh, gunohlar esa fazilatga aylanmoqda”.
Bir so‘z bilan aytganda, Kipling tasvirlagan “bozor hukmdorlari” jinsiy mayl, shuhrat, boylik, hokimiyat bilan yangi Amerikaning yangi hukmdorlariga aylandi. Naqadar ayanchli holat, shunday emasmi? Bu voqealar boshlanganiga yarim asrdan oshdi. Demokratiya bayrog‘i kuchaygan ayni pallada ayrim Sharq mamlakatlarida, xususan, O‘zbekistonda ham globallashuv ta’sirida ma’naviy yo‘qotishlar bo‘lmasligiga kim kafolat bera oladi? Kinoseriallar industriyasi magiyasi ulkan auditoriyani o‘z domiga tortib borayotir...
Hozirgi vaqtda Yevropa mamlakatlaridan 17 tasida (Belgiya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Litva, Portugaliya, Rossiya, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya, Xorvatiya, Chexiya, Estoniya) o‘lim ko‘rsatkichi tug‘ilishdan ko‘ra ancha yuqorilab ketdi. Nimaga bu ahvol yuz berdi? Targ‘ibot usullari, hayot tarzi shunday darajaga borib yetdiki, endi aholi, xususan, yoshlar zurriyot, avlodni davom ettirishdan ko‘ra, yengil-yelpi, erkin yashashni o‘ziga ep ko‘rdi.
2000 yilda Yevropa aholisi 728 million kishini tashkil etardi. BMT demografiya bo‘limining “Dunyo aholisi istiqbollari: 2000 yildagi vaziyat” ma’ruzasida ta’kidlanganidek, immigratsiyani hisobga olmaganda, tug‘ilish holatining hozirgi darajasi saqlanib qolsa, 2050 yilga borib aholi miqdori 128 millionga kamayib, 600 million kishini tashkil etadi. So‘nggi bor aholining bu qadar kamayishi Yevropa aholisining uchdan bir qismi qirilgan 1347-1352 yildagi “Qora o‘lat” epidemiyasida kuzatilgan bo‘lsa, endi qit’a undan ham xatarli tahdidga uchramoqda. O‘rtacha tug‘ilish darajasi mintaqada 1,4 gacha tushib ketdi. Vaholanki, aholining hozirgi miqdorini saqlab qolish uchun bu ko‘rsatkich kamida 2,1 koeffitsiyentga teng bo‘lishi shart. Olimlar bunday ayanchli demografik vaziyat vujudga kelishining sabablariga qiziqishmoqda. Buning boisi quyidagilar: a) davlat barcha narsani zimmasiga oladigan jozibali sotsializm g‘oyasi avlodlarni o‘ziga chorladi; b) davlat nafaqasi har bir odamga kafolatlangani uchun qariganda suyanch bo‘lgulik farzandlarga hojat qolmadi; v) iqtisodiy jihatdan o‘zini erkin his qilishi uchun yetarli miqdorda daromad topadigan ayol uchun turmush qurish chinakam hayotiy maqsadga aylanmadi. Oqibatda 1980 yillardan boshlab, oila instituti yemirildi. Bu esa Yevropaning yemirilishiga sabab bo‘lmoqda. Germaniyada tug‘ilish darajasi 1,3 koeffitsiyentga tushdi, aholining uchdan bir qismi 65 yoshdagilardir. Buyuk Rim Avliyo Pyotr ibodatxonasini bunyod etgan, Dante va Mikelanjelo, Kolumb va Galileyni voyaga yetkazgan Italiyada bir ayolga o‘rtacha 1,2 ta bola to‘g‘ri keladi. Fransisko Franko (1892-1975) davrida ko‘p bolali oilalari bilan o‘rnak bo‘lgan Ispaniya bugungi kunda tug‘ilish darajasi bo‘yicha Yevropada eng quyi pog‘onani egallaydi.
Ko‘p bolalikning sababini ispanlar ikki asr mobaynida arablar istilosida yashaganidan izlash lozimga o‘xshaydi. Xo‘sh, nima sababdan yevropalik ayollar xuddi yer yuzidan qirilib ketishini qandaydir tushunib bo‘lmas itoatkorlik bilan tan olgandek, bola tug‘ishdan voz kechmoqda? Buning sabablari quyidagilar: birinchidan, kontratsepsiya (dori vositalari yordamida homiladorlikdan saqlanish) usuli qo‘llanilishi G‘arb aholisining ikki barobar kamayishiga olib kelgan bo‘lsa, ikkinchidan, abortlar kutilmagan bolalarga qarshi o‘ziga xos “ikkinchi himoya chegarasi”ga aylandi. So‘ng abortlardan ham vahshiyroq yangi usul – homiladorlikka qarshi preparat kashf etildi. Keyinchalik u tarixchilar tomonidan “Amerikani halokat yoqasiga olib kelgan og‘u”, deb baholandi. Bu preparatlar 1960 yili sotuvga chiqarildi. 1963 yilda Amerika ayollarining 6 foizi doktor Rok kashf etgan doridan foydalansa, 1970 yilda ularning soni 43 foiz, 2000 yilda esa 60 foizga yetdi. Katolik cherkovi bu dorining qo‘llanishiga keskin qarshi chiqdi. Papa Pavel VI ning maxsus fatvosi bilan tug‘ishni sun’iy ravishda to‘xtatish orqali nazorat qilish, homiladorlikka qarshi dorilarni qo‘llash katta gunoh ekanini e’lon qildi. Bunga qarshi 1973 yilda sudya Blekman ayollarning abort qilish huquqi mamlakat Konstitutsiyasida kafolatlanganini sudda tasdiqladi. Ana shu mash’um qarordan keyin hozirgi vaqtgacha AQShda hammasi bo‘lib 45 million abort qilingan. Bugun 35 foiz homilador ayollar shunday yo‘lni tutmoqda.
Bizningcha, AQSh va Yevropa mamlakatlarida oila institutining nurab borishida inson va din o‘rtasidagi munosabatlar susayganini ham aytib o‘tish joiz. Din insonning o‘zini o‘zi anglashi, ma’naviyatli va ma’rifatli bo‘lishida katta ahamiyat kasb etadi. Yevropaliklarning dindan begonalashishi barcha kulfatlarning debochasi bo‘ldi, deyishga asoslar mavjud. Amerika jamoatchilik fikri instituti (Gallup)ning 2009 yilda 114 ta mamlakatda o‘tkazgan natijalariga ko‘ra, “Din sizning kundalik hayotingizda muhim o‘rin tutadimi?” degan savolga musulmon davlatlarining ko‘pchiligi “ha”, deb javob bergan bo‘lsa, Yevropa davlatlarida ko‘rsatkich 25 foizni tashkil etadi. Demak, 70-75 foiz aholi dinga ishonmaydi, e’tiqod qilmaydi, oilani muqaddas, deb bilmaydi.
Muqaddas islom dinimizning qoidalariga binoan, dinga chinakamiga e’tiqod qiluvchi mo‘min kishilar har qanday og‘ir, mashaqqatli sinovlarga dosh beradi, zurriyodini davom ettiradi, bola tarbiyasini ota-onalik burchi, insoniy vazifasi, deb biladi.
Hozirgi axborot, texnologiyalari va murakkab globallashuv sharoitida oila institutini omon saqlash – millatimizning hayot-mamoti, qismati masalasiga aylangan. Mamlakatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish maqsadida 2020 yil fevralida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi.
G‘arb va Sharqning oilaviy an’ana va qadriyatlari bir-biridan ancha farq qiladi. Biz bolajon, oilaparvar xalqmiz. O‘z navbatida, shuni unutmaslik lozimki, bugungi globallashuv zamirida gegemonlik mavjud. U jadallashib borgan sari milliy ma’naviyatga, jumladan, oilaga nisbatan xavf-xatar va tahdidlar oshib boraveradi. Shunday ekan, ta’lim-tarbiya, oila va an’analar tizimi sifatini oshirish hamda ularning o‘zaro uyg‘unligini ta’minlash barcha sinov hamda imtihonlardan omonlikda o‘tishning kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
Baxtiyor OMONOV,
siyosiy fanlar doktori, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.