Kechagi kun

Bir sinf, bir o‘qituvchi, bir o‘quvchi

So‘nggi kunlarda "O‘qish bo‘larkan, bo‘lmas ekan" mavzusi chinakam "trend"ga chiqdi.
Men quyida bu haqida fikr yuritmoqchi emasman.

Bugun ertalab maktabga tayyorgarlik ko‘rayotgan 2-sinf qizimga "Qizalog‘im, juda sovuq-ku, sinf ham sovuqdir, maktabga bormasangchi?"- deganimda, qizim darsga borgisi kelayotganini aytib, olib borishimni iltimos qildi. Yo‘llardagi sirpanchiqni inobatga olib, ko‘cha ulovida ishga otlanayotgan holimda, qizimning maktabga borish ra’yini qaytargim kelmay, Yaratganning O‘zidan oq yo‘l tilab, mashinamizda ota-bola yo‘lga chiqdik.

Yo‘lda juda sekin, ehtiyotkorlik bilan harakatlanganimiz hisobiga darsga 5-6 daqiqa kech qoldik. Kechikishga hech o‘rganmagan qizimga ustozi albatta bu holatni to‘g‘ri tushunishini yo‘l-yo‘lakay uqtirib bordim. Yo‘lda muz yoki qorda sirpanib yiqilmasin deya, qizimni maktab darvozasidan to sinfiga qadar qo‘lidan tutib bordim. Sinfga borsak, sinfda faqat ustoz bor ekan. Ochiq chehra bilan o‘quvchisini-bolasini qarshi oldi.

Tashqari o‘ta sovuq bo‘lsa-da, ammo sinfda konditsioner va elektr pechi yoqilgan, sinfxona harorati dars uchun yaxshi holatda edi.

- Ustoz, agar, bir o‘zi bo‘lsa, qizimni qaytarib olib ketaymi?" degandim, - "Qolgan bolajonlarim ham kelib qolishar, kutib o‘tiribman" dedi. Qizim ham ketishni istamadi.

Xayrlashar ekanman, ustozga "Sinfdoshlari kelmasa, istagan paytingizda ayting, olib ketaman", deb ham tayinladim.

Soat 12:50 da uydan qo‘ng‘iroq bo‘lib, qizimni maktabdan olishimni aytishdi.

Maktabga bordim. Borsam, Ustoz-shogird ikkisi sinfda dars bilan mashg‘ul ekan.
- Bugun qizim ikkimizgina o‘qidik-da, - dedi ustoz samimiy.
- Nimaga aytmadingiz ustoz? Olib ketardik, bir o‘ziga dars berganingizdan ko‘ra, - dedim minnatdor bo‘lib.
Ustoz esa "Bu mening vazifam, burchim, men unday qilaolmayman", dedi ishonch bilan.

Ustozga tashakkur izhor qilib, xayrlashib, ota-bola yana yo‘lda sekinuyga ketdik.

Maktabda kunning ikkinchi yarmida soat 16:00 gacha turli to‘garaklar yo‘lga qo‘yilganligi uchun tushlik beriladi. Ustoz-shogird birgalikda maktab oshxonasida tushlik qilib olishibdi.

Keyin ustoz uyga qo‘ng‘iroq qilib, bolalarga buguncha to‘garaklar bo‘lmasligini, qizimizni olib ketishimiz mumkinligini aytgan ekan. Qarangki, shu qo‘ng‘iroqda ham ustoz qizimizning birgina o‘ziga dars o‘tganini aytmabdi.

Yo‘l-yo‘lakay qizim ustozi uning bir o‘ziga bugungi dars jadvalidagi barcha darslarni xuddi doimgi risoladagidek qilib, soat 12:30 ga qadar to‘liq o‘tganligini, qo‘shimcha ravishda o‘qish savodxonligi, diktant, matematik masalalar kabi qo‘shimcha mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishganini aytib berdi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan: “Darhaqiqat, insonlarga yaxshilik va ilmu ma’rifatni o‘rgatgan barcha ustozlarga barcha hayvonlar, hattoki dengizdagi baliqlar ham istig‘for aytadi”, deb rivoyat qilingan hadis hamda Hazrat Navoiyning quyidagi misralarini xayolimdan o‘tkazdim:
Haq yo‘linda kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,
Aylamak bo‘lmas ado oning haqin ming ganj ila.

Sherzod Suvanqulov.