Kechikkan oqlov yoxud 37 kishini jinoyatchiga chiqargan, tagi puch ayblovning bekor bo‘lish tarixi haqida
37 kishini jinoyatchiga chiqargan, tagi puch ayblovning bekor bo‘lish tarixi va sohadagi muammolar xususida ikki yilda roppa-rosa 100 nafar fuqaroning oqlanishiga erishgan advokat bilan suhbat.
Birmuncha avval matbuot nashrlari Navoiy viloyatida bir jinoyat ishi doirasida biryo‘la 37 kishi oqlangani haqida xabar bergan edi. Qisqagina xabarda jinoyat ishi tafsilotlari ochiqlanmagan, faqat ushbu 37 mahkumdan 7 nafariga jarima, 9 nafariga axloq tuzatish ishlari va 21 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashga asos bo‘lgan NOHAQ AYBLOV bekor qilinib, ularga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 1-qismiga asosan jinoiy hodisa yuz bermaganligi sababli tugatilgani hamda ularga reabilitatsiya bo‘lgan huquqlari, ya’ni moddiy va ma’naviy zararlarni undirish choralari ko‘rilayotgani aytilgandi, xolos.
Xabarda keltirilgan raqamlar e’tiborimizni tortdi. Zero, bir jinoyat ishi doirasida hukm qilingan 37 kishining bir kunda oqlanib, ozodlikka chiqarilishi katta voqea. Ayniqsa, sudlarimiz tomonidan oqlov hukm va ajrimlarni chiqarish amaliyoti endi-endi yo‘lga qo‘yilayotganini hisobga olsak. Binobarin, bu ishning tafsilotlari ham har qanday odamga qiziq tuyulishi tabiiy. Sobiq mahkumlar kimlar o‘zi, qanday jinoyatda ayblanishgan, nega yoppasiga javobgarlikka tortilgan? Va, nihoyat, shunday katta «guruh»ning birvarakayiga ozod qilingani «delo» avvalboshdan bichib-to‘qilganini anglatmaydimi?
Oqlanuvchilarning advokatlari bilan bog‘lanib, ana shu savollarga javob olishni o‘ylab yurganimizda ozodlikka chiqqan fuqarolarning o‘zi O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasiga murojaat qilib, ularning «sudlangan» degan tamg‘adan xalos bo‘lishida jonbozlik ko‘rsatgan advokat Zafar Tairovga minnatdorlik bildirishganidan xabar topdik. Ya’ni, ma’lum bo‘ldiki, shu oqlangan 37 kishidan 36 nafarini bitta advokat himoya qilgan ekan! Bu e’tirof qiziqishimizni yanada oshirdi va advokat bilan bog‘lanib, mazkur jinoyat ishi to‘g‘risida so‘rab-surishtirdik.
* * *
... 2016 yilda Buxoro viloyati «Paxtasanoat» AJ rahbarlari va uning tizimdagi tuman paxta tozalash zavodlari direktorlari va ishchi-xodimlari tergov organlari tomonidan «bosiladi» va boshliqdan tortib, bo‘lim mudirlari va boshqa rahbar xodimlar, ishchilar — hammasi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish)ning 3-qismi «a», «v» bandlari va boshqa moddalar bilan javobgarlikka tortiladi.
— Bu ish menga avvaldan tanish, hatto yod bo‘lib ketgan edi desam ham bo‘ladi. Chunki o‘sha jarayonda men ayblanuvchilardan ikki nafarining, birinchi bosqich sudi jarayonida esa uch nafarining himoyachisi sifatida qatnashganman, — deydi Zafar aka. — Ayblovning «havodan olingani», ya’ni jinoiy hodisa aslida yuz bermaganligi, jinoyat tarkibi va asosli dalillar yo‘qligi boshidayoq ro‘y-rost ko‘rinib turgandi. Himoyachi o‘laroq men buni sudda ham bir necha marta ta’kidladim, lekin sud ko‘r-ko‘rona ayblov xulosasini ko‘chirib, hukm chiqardi-qo‘ydi! Nachora, zamon shunaqa edi-da.
* * *
... 2010 yilda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi mansabdor shaxslariga nisbatan tergov organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi va boshliqdan tortib, bo‘lim boshliqlari va tezkor xodimlar hamda boshqa xodimlar — jami 21 nafar mansabdor shaxs O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 210-moddasi (pora olish)ning 3-qismi «a», «b», «v» bandlari bilan (eski tahririga qarang — muallif) javobgarlikka tortiladi.
Advokatning aytishicha, buxorolik bojxonachilar go‘yoki 2009 yilning may-dekabr oylarida Olot bojxona posti orqali o‘tgan 21 605 ta xorij yuk avtomashinalari haydovchilaridan pora olganlikda ayblanadi. Ammo xorijlik haydovchilardan hech biri, loaqal rasmiyatchilik uchun bo‘lsa-da, so‘roq qilinmaydi. Ko‘rsatilgan davrda Olot bojxona postidan kim qanday iste’mol yoki noiste’mol tovar-moddiy boyliklarini O‘zbekistonga olib kirgani va ular kimga qancha pora bergani aniqlanmaydi.
Xo‘sh, u holda jinoyat ishi nimaga asoslangan. Axir voqea «hatto simyog‘ochni qamatish mumkin bo‘lgan» zamonlarda yuz bergan bo‘lsa ham, harqalay, ayblovni oz-moz xaspo‘shlash kerak bo‘lgan-ku?
— Ha, darhaqiqat, jinoyat ishi bo‘yicha ashyoviy dalil (pora predmeti — pul, buyum, qimmatbaho narsalar va hokazo) umuman yo‘q edi, pora bergan yuk mashinalari haydovchilari ham. Na sud, na tergov organi haydovchilardan birontasini topib so‘roq qilmagan. Jinoyat ob’yekti bo‘lmagan taqdirda esa shaxsni javobgarlikka tortish mumkin emas. Nima qilish kerak?
Afsuski, «qasdni qonunga to‘g‘rilash» uchun u paytlarda ikkilamchi dalillar ham kifoya qilishi mumkin edi ba’zan. Mazkur jinoyat ishida ayblanuvchilarning bir-biriga nisbatan bergan tushuntirish va ko‘rsatuvlari (bu ko‘rsatuvlar, kim bilsin, qanday yo‘llar bilan olingan) yetarli bo‘ldi. Yaqin o‘tmishimizning qayg‘uli voqeligi shunaqa edi... – deydi advokat.
Voqelik hamisha bir xil bo‘lmaydi. Zamonlar o‘zgaradi. 2016 yil oxirida jamiyatimiz yangi davrga qadam qo‘ydi, barcha sohalar qatorida sud-huquq tizimini ham isloh qilishga kirishildi. Va, bu islohotlarning samarasi o‘laroq ilgari nohaq jinoiy javobgarlikka tortilganlarning ishlari qayta ko‘rilib, adolat qaror topa boshladi.
Bunday o‘zgarishlarni his qilgan Zafar Tairov 2016 yilda paxtasanoat tizimida ishlagan va o‘zi himoya qilgan H.Azimov bilan gaplashib, o‘sha tagi puch ayblovga tayangan hukmni bekor qildirish va haqiqatni yuzaga chiqarish uchun imkoniyat paydo bo‘lganini aytdi va uni bunga ishontirdi, o‘z navbatida, Azimov ham mazkur ish bo‘yicha sudlangan va qamalib chiqqan boshqa sobiq hamkasblarini ishontirdi. Shu tariqa 36 kishi Zafar aka bilan shartnoma imzoladi va advokat ularning nomidan sud qarorlarini bekor qilish masalasida dastlab Oliy sudga nazorat tartibida shikoyatlar berib, asossiz va noqonuniy bo‘lgan sud qarorlarining bekor qilinishi hamda ishlarning qayta ko‘rib chiqilishiga erishdi. Ishlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudining apellyasiya va kassatsiya instansiyalarida qaytadan har tomonlama xolisona ko‘rib chiqildi. Natijada sud 2020 yilning 7 avgust kuni hukmni bekor qilish va oqlov ajrimlari chiqarish to‘g‘risida xulosaga keldi.
— Men o‘zimni advokat sifatida favqulodda ish ko‘rsatdim deb hisoblamayman, — deydi Zafar aka. — Yo‘qni yo‘ndirmadim. Shunchaki, suv betiga qalqqan olmadek yaqqol ko‘rinib turgan dalillarni yana qaytadan birma-bir keltirdim, ayblovning tagi puchligini, tergov va sudning bor-yo‘q «ishongani» — nazorat-taftish boshqarmasi xulosasi hamda ayblanuvchilarning tushuntirish va ko‘rsatuvlariga asoslangan holda tuzilgan dalolatnomalar aslida O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 184-moddasi talablariga xilofligini isbotlab berdim. Shu xolos. Sudya inobatga oldi.
* * *
O‘rni kelganda, advokat Zafar Tairov haqida. U 33 yillik huquqshunos. Adliya, sud, prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. Advokatlik bilan esa 2011 yildan beri shug‘ullanadi.
— Mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish orqali ularning sud tizimiga, davlat idoralariga ishonchini mustahkamlashga qaratilgan islohotlarni nihoyatda xursandchilik va nekbinlik bilan qarshi oldim, — deydi advokat. — Nohaq sudlangan, ozodlikdan mahrum qilingan yuzlab, minglab jabrdiydalarning oqlanib, yorug‘ yuz bilan oilasi bag‘riga qaytarilishi avvalo, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan islohotlar natijasidir. Agar mamlakat rahbari mutlaqo aybsiz bo‘lgan qanchadan-qancha fuqarolarning yaqin o‘tmishimizda turli xil nayrang va fitnalar oqibatida jabr ko‘rganligini ro‘y-rost fosh qilmaganida edi balki, biz advokatlarning mehnatimiz bunchalik natija bermas, sud majlislaridagi gaplarimiz hamon sudlarning e’tiboridan chetda qolib ketavergan bo‘larmidi?..
Ammo shukrki, shaxsan o‘z misolimda aytadigan bo‘lsam ham, so‘nggi ikki yil davomida ilgari noqonuniy javobgarlikka tortilgan 100 nafar shaxsni himoya qildim va ularga nisbatan oqlov hukmlari chiqarilishiga erishdim!
Biroq shuni ta’kidlashim kerakki, oqlov hukmlari asosan Oliy sud sudlov hay’ati va rayosatida, shuningdek, viloyat sudlarining apellyasiya va kassatsiya instansiyalarida chiqarilmoqda. Birinchi bosqich sudlari esa hanuz o‘tmishda «yashayapti», jinoyat ishlarini ko‘rish chog‘ida advokatlarning muhim dalillarini e’tiborga olmayapti, hukmlari yuqori bosqichlarda bekor qilinib, yangidan ko‘rish uchun qaytarilgan hollardagina oqlashga jur’at qilishmoqda. Bu achinarli holat...
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, birinchi bosqich sudida ayrim ishlar yuzasidan qonunsiz, asossiz va adolatsiz qarorlar qabul qilinishi fuqarolarning va advokatlarning haqli noroziligini keltirib chiqarmoqda. Qolaversa, mazkur holatlar shikoyatlarning ko‘payishiga va yuqori instansiya sudlarida ish yuklamasi ortishiga ham olib kelayotir.
— Birinchi bosqich sudlari sudyalari o‘zlarini tamomila mustaqil his qilishlari uchun zarur choralarni ko‘rish lozim. Ularning qarorlar qabul qilishdagi mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladigan qo‘shimcha senzlar belgilash ham o‘rinli bo‘lur edi.
Sudlarning haqiqatan ham mustaqilligini ta’minlash borasida yana bir muhim masala bor — sudlarning ish yurituviga kelgan ishlarga doir tashkiliy taraflar, jumladan, ish ko‘riladigan kunga taraflarni (ish bo‘yicha sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvohni, da’vogar va javobgarni) chaqirish to‘liq ravishda sudga yuklatilganligini noto‘g‘ri, deb hisoblayman. Chunki bizning protsessual qonunlarimiz eski sovet totalitar davridan qolib kelgan qonunlarga (sudlarga go‘yoki jazolovchi organ tariqasida qaralgan) asoslangan holda qabul qilinib kelingan, aslida esa taraflar o‘z pozitsiyalarini isbotlashi uchun dalillarini va guvohlarini sudga o‘zlari olib kelishlari kerak. Shunda taraflarning, ayniqsa, sudda davlat ayblovini qo‘llab-quvvatlovchi prokuror va himoyachi - advokatlarning ham mas’uliyati oshar edi.
Chunki tariximizga nazar soladigan bo‘lsak, nizolarni hal qiluvchi qozixonalarga da’vogar va javobgarlar kelib murojaat qilib, o‘zlarining guvohlarini ham so‘roq qilishni so‘rab, adolatli qaror chiqarishni iltimos qilishgan. G‘ayriqonuniy harakatlar yoki jinoyat qilgan shaxslarni esa qozining oldiga mirshablar olib kelib, uning aybini o‘zlariga ma’lum bo‘lgan dalillari va guvohlari bilan isbotlab berishgan.
Hozirgi taraqqiyot davrida ham aksariyat rivojlangan davlatlarda taraflar sud oldida shu zaylda o‘zlarining pozitsiyalarini himoya qilib kelmoqda. Ammo bizning qonunlarimizga asoslangan amaliyotda sudlar ish yurituviga kelgan ishlarni ko‘rishni tayinlab, ish bo‘yicha so‘raladiganlarni sud chaqiruv qog‘ozi orqali chaqirib olishadi. Ular sudga kelmagan taqdirda esa ularni majburiy tartibda sudga olib kelish uchun ajrim chiqarib, ajrim ijrosini IIB xodimlariga berib, kelmagan shaxsni sudning tribunasigacha majburlab olib kelib so‘roqqa tutadi. Bu esa sudning mustaqilligiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Chunki bu holatda so‘roq qilinadigan shaxsning nazarida sud bir tarafga o‘tib ketganday ko‘rinadi va uning sudda bor haqiqatni aytishiga ham shubha paydo bo‘ladi.
Shu sababli sudya o‘z yurituvida bo‘lgan ishning sud muhokamasida ko‘rilish vaqti va kunini tayinlab, taraflarga xabar berishi, taraflar esa o‘z pozitsiyalarini isbotlash uchun sud muhokamasiga dalil va guvohlarni o‘zlari olib kelishlari maqsadga muvofiq. Bunday holatda sudya betaraf bo‘lib, barcha holatni yuqorida turib eshitib, shu asosda o‘z qarorini e’lon qilsa, uning qarori qonuniy, asosli va adolatli bo‘lishiga imkon yaratiladi.
Respublikamizda sud organining nufuz va salohiyati shu darajada bo‘lishi kerakki, ular tomonidan chiqarilgan qaror shubha va gumonlardan xoli bo‘lsin.
— Shu ma’noda, Advokatura institutini takomillashtirish konsepsiyasida taklif qilinganidek, sudyalarning har tomonlama yetuk va bilimli bo‘lishlari uchun quyi instansiya sudi sudyaligiga nomzodlar uchun «kamida ikki yil advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanganlik» talabini qo‘yish o‘rinli bo‘ladi, deb hisoblayman, — deydi Zafar aka.
“Advokat” jurnalining 2020 yil 3-sonidan olindi.