Keksa qorovulni do‘pposlagan fuqaroga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi

Sudlanuvchi T.A. 2020 yil 29 mart kuni soat 02:30 larda Samarqand shahar Sartepa maskanida joylashgan “Tabiat - saxovat” MChJ dehqon bozori oldida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, sababsiz keksa yoshli, jabrlanuvchi M.X. bilan janjallashib, janjal vaqtida qorovulning turli sohalariga qo‘l va oyoqlari bilan urib, o‘ta shavqatsizlik bilan og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Sudlanuvchi T.A. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirib, qilmishidan pushaymon ekanligini, bu ishni boshqa takrorlanmasligini, uni kechirishni, shu sababli unga qonuniy yengillik berishni so‘radi.

Jabrlanuvchi M.X. ham sudlanuvchiga hech qanday moddiy va ma’naviy da’vosi yo‘qligini bildirdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi Zarifa Ahmedovaning ma’lumot berishicha, sudning hukmi bilan sudlanuvchi T.A. qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymonligini hamda jabrlanuvchining unga da’vosi yo‘qligini inobatga olgan. Ammo sudlanuvchining sodir etgan jinoyati og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi sababli O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 2-qismi “v,ye” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, T.A.ga  JKning 57-moddasi bilan 3 (uch) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.