Keksalar yugurishda yoshlarga o‘rnak bo‘ldi

Barcha hududda bo‘lganidek, Samarqand tumanida ham “Korrupsiyadan xoli Yangi O‘zbekiston uchun birlashaylik!” shiori ostida ommaviy yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi.

Marafonda 800 nafardan ortiq kichik yoshdan keksa yoshgacha bo‘lgan aholi tumanning Gulobod mahallasida joylashgan 52-maktab oldidan tuman hokimligi binosi oldigacha bo‘lgan 2,5 kilometr masofani bosib o‘tish bo‘yicha bahs olib bordi. Dastlab, yugurish marafonini aholi bilan birga tuman hokimi S.Usmonov hamda tuman prokurori G‘.Abdurahmonov boshlab berdi.

Murosasiz kechgan yugurish marafoni yakuniga ko‘ra, birinchi bo‘lib marraga Aziz Abduhalimov hamda Shahrizoda Shodiyeva yetib keldi. Tohir Shomirzayev va Sharqiya Ishmurodova ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ishtirokchilar Samandar Sodiqjonov hamda Mohina Davronova uchinchi o‘ringa loyiq deb topildi.

Shuningdek, bahs davomida munosib ishtirok etgan Jo‘raqul Tursunqulov va Mohiba Inoyatova eng yoshi ulug‘ ishtirokchi sifatida e’tirof etildi. Eng yoshi kichik ishtirokchi nominatsiyasi bo‘yicha 5 yoshli Jahongir Jamshidov va 7 yoshli Shabnambonu Allayorova taqdirlandi.

Bundan tashqari, g‘alabaga bo‘lgan intilishi uchun Doniyor Shodiyev va Oynisa Jo‘raqulova rag‘batlantirildi.

Taqdirlash marosimida bu kabi sport tadbirlari doimiy o‘tkazib borilishiga kelishib olindi.