Kelajakning xavfsiz oziq-ovqat mahsuloti
Gap soya ekini haqida bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, soya dunyo mamlakatlarida 100 million gektarga yaqin maydonda ekiladi. Yer aholisining 53 foizi faqatgina soya moyini iste’mol qiladi.
Soyaning afzalligi nimada?
Bu o‘simlik doni va oqsilidan to‘rt yuzdan ziyod turli xil mahsulotlar tayyorlanadi va ular xalq xo‘jaligining barcha sohalarida ishlatiladi. Soya inson organizmida tez hazm bo‘lishi, zararsizligi bilan paxta va boshqa o‘simliklar moyidan ustun turadi. Doni tarkibida 45 foizgacha oqsil va 25 foizgacha o‘simlik moyi, 40-45 foizgacha uglevodlar, vitaminlar, ma’dan moddalar bor. Shuningdek, soya doni hayvon oqsilida uchraydigan barcha almashlab bo‘lmaydigan aminokislotalarni saqlaydi. Shuning uchun soya oqsilidan sut, qatiq, tvorog, pishloq, turli xil go‘shtlar, ekologik toza sifatli moy olish mumkin. Uning oqsilidan qon plazmalari, ko‘zoynaklar uchun sifatli linzalar tayyorlanadi va jun, gazlamalar ishlab chiqariladi.
Yana bir xususiyati soya uni qo‘shib tayyorlangan non mahsulotlari qotib qolmaydi va ular 4-5 kun davomida yumshoq bo‘lib turadi hamda bug‘doy unidan pishirilgan nonlarga qaraganda ikki marta to‘yimli hisoblanadi.
Yerni boyitadigan o‘simlik
Soya dukkakli o‘simlik sifatida o‘z ildizlari orqali havodan sof azotni o‘zlashtirib oladi va tuproqni azot bilan boyitadi. Tuproq strukturasini yaxshilab, biologik unumdorlikni oshiradi, o‘zidan keyin tuproqda 55-60 kilogramm miqdorda sof azot qoldiradi. Soya ekilgan dalalarda tuproqning mikroflorasi yaxshilanadi, tuproqda biologik va ekologik tizim vujudga keladi. Chuvalchanglar, rizobium bakteriyalari va boshqa foydali organizmlar yashashi uchun qulay muhit yuzaga keladi.
- Ilmiy tajribalarda soya ekilgunga qadar tuproqdagi gumus miqdori 0,65-0,72 foiz bo‘lgan bo‘lsa, soya ekilgandan keyin kuzda gumus miqdori 0,95-1,03 foizga yetadi, - deydi Samarqand veterinariya meditsinasi instituti professori Nasriddin Xalilov. - Bugungi kunda yurtimizda soyaning “Baraka”, “Viktoriya”, “Genetik-1” “Gratsia”, “Do‘stlik”, “Nafis”, “Orzu”, “Oltin toj”, “Oyjamol”, “Sochilmas”, “O‘zbek-2”, “O‘zbek-6”, “Ustoz”, “Parvoz”, “Favorit” kabi navlari davlat reyestriga kiritilgan.
Hozirda soyaga bo‘lgan talabning 10-20 foizi respublikamizda yetishtirilgan mahsulot hisobidan, katta qismi xorijdan valyutaga keltirsh hisobiga qoplanmoqda. Respublikamizda 2019 yilda 10 ming, joriy yilda esa 20 ming gektar yerda soya ekildi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 iyuldagi “Samarqand viloyatida soya yetishtirish sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan soya yetishtirishni tashkil etish hamda soya hosilining prognoz ko‘rsatkichlari bo‘yicha viloyatimizning 5 ta tumanida 2018-2020 yillarda 15 ming gektar maydonda soya yetishtirish va 25 ming 500 tonna hosil olinishi belgilangandi.
Ammo xo‘jaliklarning aksariyati soyaning gektaridan bor-yo‘g‘i 10-15 sentnerdan hosil olmoqda. Kam hosil yetishtirilishi uning texnologiyasiga rioya qilmaslik, navlarni to‘g‘ri tanlamaslik, suv ta’minoti, unumdorligi past maydonlarda ushbu o‘simlik ekilishi bilan bog‘liq.
Soyadan 180 million so‘m daromad
Joriy yilda viloyatimizda 1300 gektar maydonda takroriy ekin sifatida soya ekildi, 2021 yilda esa 1000 gektar asosiy maydonda ushbu o‘simlik ekilishi rejalashtirilgan.
- To‘rt yildan buyon soya yetishtiramiz, - deydi Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Nurli Miyonqol” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Nabijon Karimov. – Bu o‘simlik yerning strukturasini yaxshilash, yerning ball bonitetini oshirishga xizmat qiladi.
Soyaning “Nafis”, “O‘zbek-6” navlari viloyatimiz tuproq, iqlim sharoitiga juda mos keladi. Shu bois, bilim va tajribamizdan kelib chiqib joriy yilda “Nafis” navli urug‘lik soyadan 25 gektar ekkandik. Sizot suvi yaqin maydonni tanlab, agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri olib borganimiz bois rejadagi 17 sentner o‘rniga gektaridan 20-22 sentnerdan hosil oldik. “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” aksiyadorlik jamiyati bilan 1 tonna xomashyo uchun 6 million 765 ming so‘mdan shartnoma tuzgandik va hosildan 180 million so‘m daromadga erishdik. 2021 yilda ham 15 gektar asosiy maydonda soya ekishni rejalashtirib turibmiz.
Bu yil gektaridan 35 sentner, keyingi yil 40 sentner hosil olinadi
Soya qayta ishlash sanoatida qulayligi bilan birga iste’molchilarni yog‘-moy bilan ta’minlashda ham muhim hisoblanadi. Shu bois, “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” aksiyadorlik jamiyati fermer xo‘jaliklar bilan hamkorlikda soya yetishtirish va sifatli yog‘ ishlab chiqarish borasida yaxshi yangiliklarni amaliyotga joriy etmoqda.
- Joriy yilda hududdagi fermer xo‘jaliklar bilan tuzilgan shartnomaga asosan 1300 gektar maydonda soya yetishtirildi va undan 1887 tonna hosil olindi, - deydi “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” aksiyadorlik jamiyati bo‘lim boshlig‘i Dilshod G‘afforov. – Bir necha yil oldin xo‘jaliklarga Rossiya davlatidan keltirilgan urug‘lik qimmatligi va iqlimga mos kelmasligi sabab qisqa muddatda pishib, gektaridan 10-12 setnergacha hosil olinardi. Bu iqtisodiy jihatdan samarasiz edi. Shu bois, mutaxassislar bilan birgalikda soyaning mahalliy “O‘zbek-6” va “Nafis” navlarini sinab ko‘rdik. Natijasi juda samarali bo‘ldi. Mahalliy navlar kasallikka chidamli, hosildorligi yuqori, vegetatsiya davri uzoq, asosiysi, iqlimga moslashganligi tufayli Narpay tumanidagi “Paxtakor” fermer xo‘jaligi gektaridan 35 sentner, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Nurli Miyonqol” fermer xo‘jaligi va “Kattaqo‘rg‘on elita” urug‘chilik xo‘jaligi 25 sentnerdan hosil oldi. Keyingi yil esa yana 1000 gektar yerda soya yetishtirish va hosildorlikni bundan-da oshirishni rejalashtiryapmiz.
Soyaning xorijdan keltiriladigan “Arletta”, “Avanta”, “Sparta” navlari 90 kunda, “Selekta-302”, “Selekta-201” navlari 115-120 kunda, mahalliy navlar 145-150 kunda pishishini hisobga olsak, soyadan bir yilda ikki marotaba hosil olish imkoni bor. Qayta ishlashga keladigan bo‘lsak, soyadan 18-20 foizgacha yog‘ qandolatchilik mahsulotlari olinadi. Qolaversa, chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklari uchun ham muhim ozuqa mahsuloti hisoblanadi. Mahsulot asosan ichki bozorda sotiladi.
Istiqbolda bu kabi ekinlarni ko‘paytirish xo‘jaliklarning daromadini oshirish va oziq-ovqat xavfsizligiga erishishda muhim hisoblanadi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.
“Zarafshon” muxbiri.