Kelasi yil boshida aholi va qishloq xo‘jaligi ro‘yxatga olinadi

2026 yil 15 yanvardan 28 fevralgacha mamlakatimiz aholisi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi. Bu mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini strategik rejalashtirishda muhim ahamiyatga ega.
Ro‘yxatga olish orqali 38 million aholining yoshi, oilaviy holati, ta’lim darajasi, migratsiya jarayonlari, ish bilan bandligi va daromad manbalari haqida yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida yerdan foydalanish, chorvachilik va parrandachilik ko‘rsatkichlari aniqlanadi.
Tadbir ikki bosqichda amalga oshiriladi. Avvalgi 17 kun davomida fuqarolar “census.stat.uz” portali orqali OneID tizimi yoki JShShIR (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami) yordamida onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Keyingi bosqichda esa “mahalla yettiligi” va boshqa faollar uyma-uy yurib ma’lumot to‘playdi.
Hozirda joylarda tayyorgarlik ishlari izchil olib borilmoqda. Mahallalarda, maktablarda va ta’lim muassasalarida aholiga ro‘yxatning mazmun-mohiyati va maqsadlari haqida tushuntirishlar berilmoqda.
Yig‘ilgan ma’lumotlar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish dasturlari uchun asosiy manba bo‘ladi.
Bundan tashqari, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini baholash, xalqaro reytinglarda mamlakatimizning o‘rnini yuksaltirish, xorijiy investorlarni jalb qilish va turizm salohiyatini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.