Kelgusi haftada AQSh Davlat departamenti delegatsiyasi O‘zbekistonga keladi

Elchi Javlon Vahobov AQSh Davlat kotibi yordamchisi vazifasini bajaruvchi, Davlat departamentining Xalqaro jamoatchilik bilan aloqalar byurosi rahbari Elizabet Tryudo bilan uchrashib, O‘zbekiston-Amerika hamkorligining dolzarb masalalari, milliy kadrlar salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dasturlar ko‘lamlarini kengaytirish, shuningdek, uning O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA.

Amerika tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturiga yuqori baho berar ekan, joriy yil 3-6 oktyabr kunlari AQSh Davlat departamenti delegatsiyasi mamlakatimizdagi o‘zgarishlarning samaralari bilan tanishish maqsadida O‘zbekistonga tashrif bilan borishi rejashtirilayotganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Elizabet Tryudo o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini va respublikaning inson salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishni muhokama qilish niyatida ekanligini ham aytdi.

Xususan, Amerika delegatsiyasining O‘zbekistonda bo‘lishi davomida Oliy Majlis, Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida uchrashuv va muzokaralar, shuningdek, Jizzax va Toshkent viloyatlariga tashriflar rejalashtirilgan.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Davlat departamenti vakili barcha sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatdan rivojlantirishga xizmat qiluvchi davlat rahbarlari va alohida sohalar rahbarlari darajasidagi Amerika delegatsiyalarining O‘zbekistonga tashrifini kengaytirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz: Elizabet Tryudo yetakchi diplomat bo‘lib, avval Shimoliy Irlandiya va Pokistondagi AQSh Bosh konsuli, AQShning NATOdagi missiyasi maslahatchisi, AQShning Janubiy Afrikadagi missiyasi matbuot attashesi, Davlat departamenti matbuot ishlari bo‘yicha direktori lavozimlarida ishlagan. Hozirgi lavozimiga qadar u Mudofaa vazirining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.