Kelgusi yildan Samarqandda shaxmat bo‘yicha xalqaro turnirlar o‘tkaziladi
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 5 avgustdagi “Shaxmatni yanada ommalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2023 yildan boshlab har yili tizimli ravishda respublikaning barcha hududlarida shaxmat bo‘yicha turnirlar tashkil etiladi.
Xususan, viloyatimizda ham yoshlar o‘rtasida “Rokirovka” turniri, keksa avlod vakillari o‘rtasida “Nuroniylar kubogi”, nogironligi bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida “Cheksiz imkon turniri”, 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan 50 ming dollar miqdorida mukofot fondiga ega “Women’s Chess Championship” xalqaro turniri hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar shaxmatchilari o‘rtasida an’anaviy “Uzbekistan Chess Open” xalqaro turnirlari o‘kaziladi.
Shuningdek, tuman va shahar hokimliklari bilan kelishilgan holda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan jamoat joylari va istirohat bog‘larida kreativ ko‘rgazmali uslublardan foydalangan holda shaxmat maydonchalari tashkil etiladi.
Hozirgi kunda viloyatda 2500 nafar sportchi shaxmat bilan shug‘ullanmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida shaxmatchilarimiz tomonidan respublika musobaqalarida 7 ta oltin, 6 ta kumush, 6 ta bronza, xalqaro sport musobaqalarida 4 ta oltin jami 23 ta medal qo‘lga kiritilgan.
Ahror Shamsiyev,
viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.