“Kelishmovchiliklar faqatgina xalqaro huquq normalari asosida hal qilinishi lozim”
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlarining muloqoti yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.
“Kechadan buyon mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari va blogerlaridan O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlarining yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti yakunlariga izoh berishimni so‘rab, murojaatlar kelib tushmoqda.
Shu munosabat bilan hamkasblarimizga quyidagilarni ma’lum qilmoqchiman.
Ikki tomonlama munosabatlarning keng ko‘lamli kun tartibida turgan dolzarb masalalardan tashqari, O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar.
Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbariga maxsus harbiy operatsiyani o‘tkazish to‘g‘risida qabul qilingan qarorning sabablari va shart-sharoitlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston yetakchisi, o‘z navbatida, tomonlar vaziyatni hal qilishning o‘zaro maqbul yo‘llarini tez fursatda topishlari va uning yanada keskin tus olishiga yo‘l qo‘yilmasligiga umid bildirdi.
Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston bu masala bo‘yicha vazmin, neytral pozitsiyada.
Mamlakatimiz azaldan ham Rossiya, ham Ukraina bilan yaqin, do‘stona munosabatlarga ega. Biz keng mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot bo‘lishidan manfaatdormiz. Barcha bahs va kelishmovchiliklar faqatgina xalqaro huquq normalari asosida hal qilinishi lozim”, deyiladi Prezident matbuot kotibi xabarida.