Keniyalik fermerning g‘aroyib topilmasi
Jazirama Afrikaning qaysi bir hududida bo‘lmang insoniyat o‘tmishidan hikoya qiluvchi son-sanoqsiz topilmalarni uchratishingiz mumkin. Ular orasida qadimiy odam va hayvonlarning suyaklari, o‘choq, asbob-uskuna, taqinchoqlar va hatto izlar ham bor. Ayniqsa, tosh asriga oid qurollar eng yaxshi saqlanib qolgan. Ammo, ularning yoshini aniqlash juda mushkul. Kamdan kam holatlardagina ularni qaysi davrga xos ekanligini bilish mumkin.
Keniyaning Naroke hududida joylashgan Eor Enkitok qishlog‘ida yashovchi fermer Frensis Yaypan o‘z molxonasi yonidan suv tomchisiga o‘xshash g‘alati toshni topib oladi. Dastlab Keniya milliy qo‘riqxonasi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak degan xayolga bordi. Inson kaftidek keladigan tosh bo‘lagining ikki tarafi yaxshilab ishlov berilgan. Aniqlanishicha, ushbu tosh qurol o‘n ming yil ilgari odamzod tomonidan vulqon qotishmalaridan ajratib olib yasalgan ekan.
Nayrobi milliy muzeyi xodimlarining fikriga ko‘ra, vulqon qotishmalaridan tayyorlangan yuzlab tosh qurollar hali ham topilmoqda. Keniya shimoli-sharqidagi Turkan vodiysida topilgan tosh asriga oid qurol 3,3 million yil ilgari yasalgan ekan. Qazishma ishlari vaqtida topilgan ish qurollari o‘ta zamonaviy rentgen uskunalari yordamida tekshiruvdan o‘tkazilganida ularning «kenjasi» 800 yil ilgari yasalganini ko‘rsatmoqda. Bu esa inson madaniyati evolyusiyasining tarixi qora qit’a sahrolaridan boshlaganidan darak bermoqda.
Har qanday tahlillar yangi topilmalarning haqiqiy yoshini aniqlashda yordam beradi. Shuningdek, bu qurollardan nima maqsadlarda foydalanilgan, ularning yoshi nechada, yasashda qadimgi masai qabilasi vakillarining qo‘li bormi, degan savollarga ham javob olish mumkin.
Keniyalik tadqiqotchilar qadimdan shu yerlarda yashab o‘tgan masai qabilasi oqsoqollaridan daryo yonidagi g‘or, ya’ni enkamune haqida ham ma’lumot olishga yordam berdi. Bu toshdan o‘yib yasalgan g‘orning yoshi 40 ming yil ekan. U qadimda qurol-yarog‘ yasovchi ustaxona bo‘lgan degan farazlar bor.
Dil MUROD tayyorladi.