Keyingi to‘rt yilda aholi va qishloq xo‘jaligi ro‘yxatga olinadi
Shu yil 4 mart kuni Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, joriy yil yakuniga qadar BMTning rasmiy statistika sifatini ta’minlash bo‘yicha bazaviy prinsiplari milliy statistika tizimiga joriy etilishini ta’minlash maqsad qilingan. - — Ya’ni, endi rasmiy axborotlarni tayyorlovchilar tomonidan tarqatiladigan statistika ma’lumotlari ularni ishlab chiqishning namunaviy modeli (GSBPM) asosida shakllantiriladi, - deydi viloyat statistika boshqarmasi axborot xizmati rahbari Fazlulloh Eshonqulov. - BMT tomonidan tavsiya etilgan sifatni boshqarish bo‘yicha qo‘llanmalarni to‘liq joriy etish doirasida zarur tashkiliy choralar ko‘riladi. Bunda rasmiy statistikani tayyorlovchilarning har birida rasmiy statistikada sifat va tarqatish siyosatlari ishlab chiqiladi. BMT tomonidan ma’qullangan qo‘llanma (NQAF) asosida Milliy sifatni boshqarish qo‘llanmasi ishlab chiqiladi. Milliy statistika tizimini global baholashdan o‘tkazish tashkil etiladi va natijalari e’lon qilinadi.
2025 yil 1 yanvardan statistika kuzatuvlarini amalga oshirish jarayoniga konsalting kompaniyalari, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari jalb etiladi.
2024 yil yakuniga qadar «Statistika» integrallashgan axborot tizimi va «Elektron hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi o‘rtasida elektron ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish 2025-2026 yillarda amalga oshiriladi. Statistika agentligi 2024 yilda aholini ro‘yxatga olishni aholining keng ommasiga tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarida foydalanish uchun videorolik, banner, flayer va bukletlar tayyorlaydi. 2021 yilda o‘tkazilgan sinov natijalari va xalqaro ekspertlarning tavsiyalari asosida aholini ro‘yxatga olish savolnomalari shakllarini o‘zgartiradi. Xalqaro tajriba va ekspertlarning tavsiyalari asosida «Aholini ro‘yxatga olish» axborot tizimi takomillashtiriladi. «STATA» amaliy dasturiy paketi litsenziyasini xarid qilish va unda ro‘yxatga olish natijalarining chiquvchi jadvallari namunalarini shakllantirish belgilandi.
Qaror bilan 2024-2025 yillarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va uni amalga oshirishga doir uslubiy hujjatlarni ishlab chiqish, 2025-2026 yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etish, ko‘zda tutilgan qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari 2027-2028 yillarda amalga oshiriladi.