Kichik himoyachilar katta qadam tashlab, jasoratli bo‘lishga va’da berdi

2025-2026 o‘quv yilidan boshlab mamlakatimizning barcha tuman va shaharlarida umumiy o‘rta ta’lim maktablari negizida bittadan “Jasorat maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ular umumta’lim muassasalari uchun harbiy vatanparvarlik yo‘nalishida tayanch maktab sifatida tashkil etilgan bo‘lib, bolalarni Vatanga sadoqat ruhida, jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk qilib tarbiyalash maqsadida faoliyat olib boradi.
Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlari o‘z faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqqan holda “Jasorat maktablari”ga uslubiy yordam ko‘rsatuvchi muassasa sifatida biriktirildi.
O‘qishga qabul qilish 5-sinf o‘quvchilari o‘rtasida ikki bosqichdan iborat bo‘lib, 1-bosqich test, 2-bosqich jismoniy tayyorgarlik mashqlari imtihonlari orqali amalga oshiriladi. Har bir tuman (shahar)dan 26 nafardan ballar ketma-ketligi bo‘yicha eng yuqori natijaga erishgan o‘g‘il-qizlar, jumladan viloyat bo‘yicha 416 nafar o‘quvchi maktabga qabul qilindi.
Samarqand shahridagi Kichik serjantlar tayyorlash markazida “Jasorat maktabi”ga qabul qilingan o‘quvchilarning tantanali va’da berish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar vakillari, faxriy harbiylar hamda o‘quvchilarning ota-onalari ishtirok etdi va yoshlarni tabrikladi.
– “Jasorat” sinflarida matematika, chaqiruvga qadar yoshlarni boshlang‘ich tayyorlash, tarix, jismoniy tarbiya, chet tili va fizika fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov. – O‘quv mashg‘ulotlari ikki shaklda — nazariy hamda o‘quv-dala mashg‘ulotlari shaklida tashkil etiladi. O‘quv yili davomida ikki marta harbiy poligonlarda va har chorakda bir marta harbiy qismlarda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Maktabga qabul qilinganlar hali kichik, lekin Vatan himoyasi uchun katta qadam tashlayapti.
“Jasorat maktabi”ni a’lo baholarga tugatgan, “Vatan tayanchi” otryadi a’zosi bo‘lgan bir nafar o‘quvchiga Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tanlab olish tartibiga muvofiq, oliy va harbiylashtirilgan hamda yuridik ta’lim muassasalariga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar berilishi ko‘zda tutilgan.
Fazliddin Ro‘ziboyev.