Kichik Jasurbekning katta yutuqlari
Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida o‘quvchi-yoshlarning yozgi ta’til vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida “Dolzarb 90 kunlik” tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, Kattaqo‘rg‘on tumani Nomozpolvon mahalllasida yoshlar uchun musiqa va san’at, sport hamda boshqa yo‘nalishdagi to‘garaklar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilyapti.
Shu mahallada yashovchi Jasurbek Safarov 13 yoshda. U yosh bo‘lishiga qaramasdan katta yutuqlarni qo‘lga kiritgan.
- Musiqa san’atiga qiziqaman, - deydi u. – Aslida Glier nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabida opera yo‘nalishida ta’lim olaman. Estrada va folklor yo‘nalishlariga ham qiziqishim kuchli. Hozircha opera yo‘nalishida turli tanlovlarda qatnashib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelyapman. Jumladan, “Yoshlar ovozi” tanlovining viloyat bosqichida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Qozog‘istonda o‘tkazilgan “Biz baxtli bo‘lamiz!” deb nomlangan xalqaro tanlovda esa birinchi o‘rinni egalladim.
Uning o‘qish va izlanishi uchun ota-onasi yetarlicha imkoniyat yaratib bergan. “Yangi ko‘ylak kiymasak ham, hashamatli uy qurmasak ham topganimizni o‘g‘limizning o‘qishi uchun sarflayapmiz”, - deydi Jasurbekning onasi.
Dilnoza AHMADOVA,
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).