Kichik mevadagi "dorixona": Malinaning xususiyatlari haqida
Malinaning ajoyib tarkibi vitamin va minerallarga boy. Ko‘p miqdordagi V, C, A vitaminlari, kremniy, molibden, magniy, marganets, kalsiy, temir, fosfor, natriy, xromga egaligi hamda antioksidantlarga boyligi bilan ahamiyatli.
Bunday qimmatli darmondorilar kompozitsiyasi organizmning umumiy salomatligi, yurak-qon tomir va asab tizimining holatini yaxshilash, immunitet tizimini mustahkamlash, metabolizmni yaxshilash, erkaklarda testosteron darajasini oshirish, ayollar hayz siklini normallashtirish va og‘riqni kamaytirish xususiyatlariga ega.
Shamollash va tumovda yallig‘lanishga qarshi kuchli ta’sirga ega. Bunday paytlarda malina mevalarini iste’mol qilish yoki malinali choy ichish yaxshi natija beradi. U ter ajralishini yaxshilaydi va toksinlarga qarshi kurashadi. Malina barglari damlamasi homiladorlik paytida ko‘ngil aynishdan xalos bo‘lishga yordam beradi.
Oshqozon-ichak kasalliklari, buyrak muammolari va rezavorlarga allergik hollarda malina iste’molini nazoratda saqlash zarur. Laktatsiya(emizikli) davridagi ayollarga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan allergik reaksiyani inobatga olib malina iste’molidan voz kechish tavsiya etiladi. Malina tarkibidagi salitsil kislotasi qon ivishini sezilarli darajada sekinlashtirishi sababli jarrohlik amaliyotlari oldidan tavsiya etilmaydi.
Malina va go‘zallik
Malina teri holatini yoshartirish va yaxshilash uchun kosmetologiyada faol qo‘llaniladi. U tabiiy kollagen mabaidir. Kollagen esa teri va suyaklar mustahkamligi va elastikligi hamda bo‘g‘imlarning moslashuvchanligini ta’minlaydi. Yosh o‘tishi bilan terida kollagen sintezi pasayadi, bu esa terining elastikligini yo‘qotishiga va ajinlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Shunga ko‘ra, malina teri saratonining oldini olish uchun zaruriy oziq-ovqatlardan biridir.