Kim aybdor? Qonunni pisand qilmayotgan sotuvchilarmi yoki...
O‘g‘limni do‘konga chiqargandim. Sotuvchi qaytimiga bir dona sigaret beribdi.
-Menga sigaret kerak emas, chekmayman, - debdi u.
U kelib voqeani aytib berdi. Men o‘g‘limdan:
- Do‘kon egasi sendan yoshingni, pasportingni so‘radimi? - dedim.
- Yo‘q, so‘ramadi, - dedi u.
- Sen hali o‘n olti yoshda bo‘lsang, qanday qilib senga sigaret sotishi mumkin?
U yelkasini qisib, xonasiga kirib ketdi. Sotuvchi bilmagan qonun-qoidani o‘g‘lim qayerdan ham bilsin, deya beixtiyor o‘yga toldim. Nahotki, mamlakatimizda tamaki mahsulotlarini sotishning qonun-qoidasi bo‘lmasa! Maqola yozishimga ushbu voqea sabab bo‘ldi.
Kashandalikka qarshi kurashyapmizmi?
Shundan so‘ng do‘konlarda tamaki mahsulotlarining savdosiga e’tibor bera boshladim. Ajabo, yaqinda xorijdan kelganim uchun yurtimizdagi tamaki mahsulotlarining savdo rastalarida ochiq-oydin sotilayotgani menga g‘alati tuyuldi. Sababi, sigaretni bekatlardagi mayda do‘konlardan tortib, katta supermarketlargacha topish mumkin ekan. Yanayam achinarlisi, tamaki mahsulotlari odam gavjum joylarda, bozorlar atrofida ochiq-oydin ko‘chada sotilayapti. Kichikroq stol ustida turli sigaret qutilari ochib qo‘yilgan. Istasangiz donalab, istasangiz qutisi bilan olavering.
Butun dunyo ahli kashandalik bilan kurashayotgan bir paytda bizdagi tamaki mahsulotlarining erkin savdosi kishini o‘yga toldiradi, albatta. Demak, mamlakatimizda kashandalikka qarshi kurashilmayotgan ekan-da, degan tabiiy savol tug‘iladi.
Shu o‘rinda tamaki mahsulotlarining savdosini Rossiya Federatsiyasi misolida keltirib o‘tay. Ushbu davlatda sigaret faqat supermarketlarda va tamaki mahsulotlari sotish huquqiga ega bo‘lgan magazinlarda yopiq holda sotiladi. Sababi, tamaki mahsulotlariga voyaga yetmagan bolalarning ko‘zi tushmasligi lozim. Kichik do‘konlarda, bekatlarda, odamlar gavjum joylarda ochiq-oydin sotish mumkin emas. Tamaki mahsulotlarini 18 yoshga to‘lgan fuqarolargina sotib olish huquqiga ega. Sotuvchi xaridordan yoshini tasdiqlovchi pasportini so‘rashi mumkin. Agar sotuvchi 18 yoshga to‘lmagan fuqaroga sigaret sotsa, katta jarimaga tortiladi. Bunday tartib-intizom boshqa davlatlarda ham mavjud ekan. Hatto ba’zi davlatlarda tamaki mahsulotlari savdosini qisqartirish muhokama etilmoqda.
20 yoshdan kichiklarga sigaret sotilmasligi kerak. Amalda-chi?
Xo‘sh, bizdagi tartib qanday? Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 10-iyundagi 199-son qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarini hamda O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarni) ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Unga ko‘ra, alkogolli mahsulotlarni va tamaki mahsulotlarini sotayotgan sotuvchi ko‘rinishi 20 yoshdan kichik ko‘ringan xaridordan uning yoshini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishni talab qilishi, hujjat mavjud bo‘lmagan taqdirda esa sotishni rad etishi shartligi haqidagi majburiyat kiritilgan. Biroq bu qonun-qoidaga hamma ham amal qilmayapti. Tamaki mahsulotlarini sotayotgan sotuvchilar xaridorning yoshini so‘ramasdan sigaret sotayotgan holatlar kuzatilmoqda. Yanayam achinarlisi, o‘quv dargohlarining shundoq oldida tamaki mahsulotlarining savdosi keng yo‘lga qo‘yilgani hech kimni tashvishga solmayapti. Masalan, Samarqand davlat universiteti fizika fakultetining shundoq yonida sotilayotgan sigaret mahsulotlari rasmdagi ko‘rinishda.
Universitetning matematika fakulteti binosi oldida sotilayotgan tamaki mahsulotlari savdoga qo‘yilgan o‘quv qurollari ichiga joylashtirilgan. Rasmga e’tibor bersangiz, daftar, qog‘oz, ruchkalarning yonida sigaret qutilari ochib qo‘yilgan.
Talabalarga bilim, ma’rifat, ma’naviyat va odob-ahloqdan dars beriladigan oliygohning rus filologiyasi fakulteti oldida ham turli rusumdagi sigaretlarni sotib olish mumkin.
“Sotuvchilarning hech biri yoshimni so‘ragani yo‘q”
Biz yuqoridagi holatlarni faqat Universitet xiyoboni misolida keltirdik, xolos. Lekin shahrimizdagi boshqa oliy ta’lim muassasalari binolari oldida ham tamaki mahsulotlarining savdosi keng yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti yonidagi bekatdagi savdo do‘konida ham o‘quv-qurollari bilan birga har xil markadagi sigaretlar sotilayotganiga guvoh bo‘ldik. Oliy ta’lim muassalarining birinchi va ikkinchi kurs talabalari 18 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni tashkil etishini hisobga olsak, ularga sigaret sotish umuman mumkin emas.
O‘zini tanitishni istamagan talabalardan biri “Men har kuni shu yerdan sigaret sotib olaman. Yoshim o‘n to‘qqizda, sotuvchi mendan yoshimni tasdiqlovchi pasportimni so‘ragani yo‘q”, dedi.
Ikkinchi talaba “Men istagan joyimdan sigaret sotib olib ketaveraman. Hali hech kim pasportimni so‘ragani yo‘q. Yoshim o‘n sakkizda”, deb javob berdi.
Samarqand shahri bo‘ylab tamaki mahsulotlarining savdosini kuzatar ekanman, ayrimlar ko‘cha tomondagi uyining derazasiga sigaretlarni qator terib qo‘yib sotayotgan holatlarga ham duch keldim. Bunday holat tamaki mahsulotlari sotish qoidalariga to‘g‘ri keladimi? Hech kim ulardan litsenziya so‘ramaydimi? Umuman, mamlakatimizda tamaki mahsulotlari sotishning qonun-qoidasi bormi?
Ota kashanda bo‘lsa, bola ham chekadimi?
Shuni afsus bilan qayd etish kerakki, bugun dunyoda chekuvchilarning tobora «yosharib» borayotgani kuzatilmoqda. Masalan, rivojlangan davlatlarda odamlar 18 yoshdan, rivojlanayotgan mamlakatlarda 15, qoloq davlatlarda esa hatto 13 yoshdan boshlab chekishga ruju qo‘yishayapti. Kashandalar safiga har yili 80-100 ming nafar voyaga yetmaganlar kirib kelayotir. Ularning har o‘ntadan sakkiztasi kelgusida bu illatdan qutulolmayotgani e’tiborga olinsa, mazkur xavfning tobora global ahamiyat kasb etayotganini fahmlash qiyin emas.
E’tibor berganmisiz, oilada ota chekishga ruju qo‘ysa, bolalar ham ulg‘aygach, otasiga taqlid qiladi. Ya’ni, otaning “odati”ni vaqti kelib bola davom ettiradi. Farzandining salomatligini o‘ylaydigan ota-ona oilada, avvalo, mana shu holga e’tibor berishi kerak. Shuningdek, ota-ona farzandi ulg‘aygach, endi katta bo‘ldi, deya nazoratsiz qoldirmasligi va keragidan ortiqcha pul bermasligi lozim.
Tamaki mahsulotlarining savdo rastalari va do‘konlarda maxsus yopiq holdagi shkaflarsiz bolalar ko‘zidan yashirilmagan holda ochiq-oydin sotilayotgani, shuningdek, o‘quv dargohlari yaqinida ushbu savdoning yo‘lga qo‘yilgani va yigirma yoshga to‘lmagan o‘spirinlarning bemalol sigaret mahsulotlarini sotib olayotgani hali bu borada ancha ishlar qilinishi kerakligidan dalolatdir.
Xurshida ERNAZAROVA.