Kim uchun yashaymiz?

Inson foniy dunyoga yashash uchun keladi. Yaratgan bergan omonat jonni olgandan to egasiga qaytarguncha bo‘lgan muddat hayot deyiladi. Buni taqdir bitigi ham deymiz. Albatta, birov yashash uchun yeydi, birov yeyish uchun yashaydi. Bu gap ham ko‘pchilikka ma’lum.

Globallashuv jarayonining chuqurlashuvi va pandemiya insoniyat hayotini juda chigallashtirib yuborgani bor gap. Shu holatda ham mustaqillik sharoitida yashash tarzini qiyinchilik bilan o‘zlashtirayotgandik.

Shu sababli bo‘lsa kerak, nazarimda ayrimlar bir amallab tirik qolish, ayrimlar esa hayot ne’matlaridan boshqalardan ko‘proq olib qolish ilinjida yashayotganga o‘xshab ko‘rinyapti. Aslida hayotdagi asosiy kurash ana shu ikki toifa insonlar o‘rtasida bormoqda.

Ya’ni, kimdir yolg‘iz farzand kamoli yo‘lida yelib yugursa, kimdir nobakor farzandi uchun o‘limga ham rozi bo‘lib kun ko‘radi. Birov miskin ko‘nglini olish bilan, yana birov esa “qo‘li uzun” odamdan foydalanishni o‘ylaydi. Fidoyilar jamiyatga naf keltirishni o‘ylasa, tovlamachi duch kelganini aldash bilan ovora. Natijada yaxshilarga duch kelganda yanada yashaging, yolg‘onchilarga baqamti bo‘lib qolsang, bu dunyodan ketging keladi. Dardu hasrat chog‘ida “o‘zing uchun ham yasha” deb bir-birimizning ko‘nglimizni ko‘tarib qo‘yamiz.

- Bularning barchasi taqvoni unutganimizdan, - deydi Samarqand viloyati bosh imom xatibi Zayniddin hoji Eshonqulov. – “Taqvo” so‘zi arabcha bo‘lib, saqlanmoq, ehtiyot bo‘lmoq ma’nosini anglatadi. Ya’ni, taqvo qilish deganda, inson Allohning jazosidan qo‘rqqan narsasida gunohdan saqlanishi tushuniladi. Islomda insoniyat oliyjanob axloqqa undaladi. Negaki, jismoniy va ma’naviy pok kishi axloqsizlik yo‘liga kirmaydi.

Vaholanki, taqvoni unutgani uchun hatto nogiron otasi yoki onasini parvarish qilib, ezgu ishni bajarayotgan kishi ham bu yo‘lda bilib-bilmay gunohga yo‘l qo‘ymoqda: yo xizmatini boshqalarga minnat qiladi yoki shuhrat talab etadi. Birovning hojatini chiqarish yo‘lida manfaat ko‘rishga intilganlar bor.

Faqat o‘zi uchun yashash mumkin emas, chunki inson oila, jamiyat ichida yuradi. “Farzandlar uchun yashadim” deb ko‘nglimizga taskin bersak-da, agar harom luqma orqasidan ular kamoliga imkon yaratgan bo‘lsangiz - bekor.

Hayot saboqlari shuni ko‘rsatyaptiki, inson o‘z oldiga kim va nima uchun yashashni maqsad qilib qo‘ymasin, agar taqvodor bo‘lmasa, bu maqsadiga erisha olmaydi. Taqvo har qadamda bizni gunohdan, nojo‘ya so‘z va harakatlardan asraydi. Buni esa Xudoning talablari asosida yashash deb qo‘ya qolaylik.

Barchamizga taqvodorlik nasib etsin...

Farmon Toshev.