Kimnidir ayblashni emas, muammoni hal etish haqida o‘ylaylik
Yarim yildan oshdiki, dunyo koronavirus bilan kurashmoqda. Kasallanganlar soni kun sayin ortmoqda. Jahonning “mana-man”, degan davlatlarining tibbiyot tizimi ham ushbu virusga qarshi kurashda qiynalmoqda, kutilmagan, katta bosimga dosh berolmayapti.
Albatta, bitta bemor borligi ham o‘ylantiradigan holat. Lekin yurtimizda shifoxonalarda davolanayotgan bemorlar 10 mingga yaqin ekani vaziyatimiz boshqa davlatlarga nisbatan yengilroq ekanini anglatadi. Agar tezkor, qat’iy choralar ko‘rilmaganida bugun bu raqam ehtimol 3-4 barobar ko‘proq bo‘lishi mumkin edi.
Davlatimiz rahbari birinchi bemor rasman qayd etilgan paytdan boshlab qancha yig‘ilish o‘tkazgan bo‘lmasin, barchasida pandemiya masalasiga alohida to‘xtalgan, mutasaddilarga xushyor bo‘lishni, qiyin holatlarga tayyor turishni ta’kidlagan. Ammo keyingi haftalarda bemorlar soni ko‘payib borishi natijasida sog‘liqni saqlash tizimidan norozilar, shikoyatlar ko‘paydi. Bu holat mutasaddilar yig‘ilishlarda qayta-qayta eslatilgan masalaga, dolzarb vazifaga chuqur tahliliy yondashmaganini ko‘rsatdi, deb o‘ylayman.
Men mutaxassis emasman, ammo o‘ylashimcha, boshqa davlatlarda kuzatilayotgan holatni hisobga olib, mamlakatimizda 20-30 ming bemorga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsata oladigan zaxira tayyorlash zarur edi. Bunga oz emas, 2-3 oy vaqt bor edi. Afsuski, sohalardagi rahbarlarda birdamlik, hamjihatlikda harakat qilish, tizimli ish yuritish faoliyati yetishmagandek tuyulmoqda. Bir saylovchiga koronavirusdan muolaja bo‘yicha yordam kerak bo‘lganda, o‘zim shug‘ullanib, shunday xulosaga keldim. Bir muassasa unisiga, unisi esa narigisiga soladi.
Vazirliklar, respublika idoralari darajasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan og‘irroq vaziyatni hisobga olib harakat qilinmasligi natijasida odamlar quyi tizimdan ko‘proq norozi bo‘lmoqda. Chunki bemor uchun qarshisida turgan oq xalatli shifokor yoki hamshira butun vazirlikni bildiradi. Agar bemorga tez, sifatli yordam ko‘rsatilmasa, u buning sabablari bilan hisoblashishga, tushunishga majbur emas. Aksincha, u butun tizimdan norozi bo‘ladi.
Keyingi kunlarda shifokorlarning murojaatlaridan ham bilinyaptiki, ayrim masalalarda ularga ham va’da berilgan sharoit yaratilmagan. Xususan, xavfli sharoitda ishlagani uchun reja qilingan mablag‘ berilmagan. Mana shu birgina kamchilik uchun bir necha vazirlik, idoralar teng javobgar, deb o‘ylayman. Hamma masalada bitta-ikkita tashkilotni yoki faqat Sog‘liqni saqlash vazirligini ayblayverish to‘g‘ri emas. Ayrim masalalar borki, vazirlik istagani bilan hal qilolmaydi.
Davlatimiz rahbari 15 iyul kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham Sog‘liqni saqlash vazirligi keyingi bir oyda koronavirusni davolash strategiyasi va taktikasi keskin buzilgani, real holatdan kelib chiqib, davolash amaliyoti o‘zgartirilmaganini tanqid ostiga oldi. Toshkent shahar hokimligiga kamida 3 oylik dori-darmon va himoya vositalari zaxirasini shakllantirish vazifasi qo‘yildi. Bu vazifa hamma hududlar uchun tegishli va dolzarb. Vazirlik, mutasaddilar vaziyat hozirgidan ham murakkablashishi mumkinligini inobatga olib, harakat qilishi zarur.
Shifokorlarga ehtiyoj ham oshib bormoqda. Qaysidir shifokorlarimiz esa o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shab ketyapti. Tibbiyot muassasalarini shifokor va hamshiralar bilan to‘liq ta’minlash choralarini ko‘rish kerak. Ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash har qachongidan ham muhim. Lekin ajratilgan pullar har xil qing‘ir yo‘llar bilan o‘zlashtirilayotgani haqidagi xabarlar kunora chiqib turibdi. Bu holatga ham birinchi galda umumiy tizimdagi muammolar, yuqoridan izchil choralar ko‘rilmagani, qat’iy, shaffof tizim yaratilmagani sabab bo‘lmoqda. Partiyamiz fraksiyasi Davlat byudjeti ijrosining olti oylik yakunlari parlamentda muhokama qilinganda, bu masalada hukumatga tegishli taklifini berdi.
Shuning uchun respublika va hududlar miqyosida mutasaddi rahbarlarning ishiga baho beradigan, kerak bo‘lsa, qat’iy choralar ko‘radigan vaqt keldi. Aks holda, ayrim boqibeg‘am rahbarlarni deb, haqiqiy fidoyilar, aybsiz aybdorlar yomonotliq bo‘lib qolaveradi.
Bu jarayonda parlament a’zolarining o‘rni, ishtiroki qanday bo‘lishi haqida ham o‘ylab ko‘rishimiz kerakka o‘xshamoqda. To‘g‘ri, deputatlar pandemiya davrida hududlardagi holat bilan bevosita tanishib, vaziyatni tahlil qilib, kerak paytda hokimliklar va vazirliklarga takliflar bermoqda, ba’zi masalalarda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Ammo murakkablashayotgan holatdan chiqib, ko‘proq mas’uliyatli, ta’sirchan mexanizmlar asosida ishlashimiz yanada katta ahamiyatga ega bo‘lardi.
Sherbek BO‘RONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.