Kimyo va biologiya bo‘yicha milliy sertifikatga ega o‘quvchilar OTMga kirishda testdan ozod bo‘ladi

“Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda huquqiy axborot kanali xabar bermoqda.

Qarorga muvofiq, respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan 14 ta tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi.

Shuningdek, respublika tuman (shahar)larida bosqichma-bosqich kimyo va biologiya fanlarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan 150 ta maktablar tashkil etiladi.

Ixtisoslashtirilgan maktablarda kimyo va biologiya fanlarini samarali o‘qitishni muvofiqlashtirish uchun ularga OTMlarning 55 ta kafedralari biriktiriladi.

Ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilingan kimyo va biologiya fanlari o‘qituvchilari hamda rahbar kadrlarining bazaviy tarif stavkasiga nisbatan amalda belgilangan ustama haqi miqdori 2021 yil 1 yanvardan boshlab 50 foizgacha oshiriladi.

Davlat test markazi 2021 yil 1 fevralga qadar kimyo va biologiya fanlaridan bilimlarni baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimini joriy qiladi.

Imtiyoz beriladigan darajadagi milliy sertifikatga ega maktab, litsey va kasb-hunar maktabi o‘quvchilari davlat OTMga kirishda kimyo yoki biologiya fanidan test sinovi topshirishdan ozod etiladi hamda unga maksimal ball beriladi.