Kimyogarlar qo‘rg‘onida nechta bekat bor? Narpay ko‘chasida-chi?

Kimyogarlar qo‘rg‘oni o‘tgan asrda Samarqand kimyo zavodi bunyod etilishi bilan tashkil topgan aholi maskani hisoblanadi. Ayni paytda mazkur hududda 25 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi.
Qo‘rg‘on Samarqand shahri markazidan 9-10 kilometr uzoqlikda joylashgan. O‘rtada Samarqand tumanining ayrim mahallalari ham bor. Transport qatnovida deyarli muammo uchramaydi. Bir necha yo‘nalishda avtobus, mikroavtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Yo‘nalishsiz taksilar ham tunu kun yo‘lovchilar xizmatida.
Ammo Samarqand shahri va qo‘rg‘onni bog‘laydigan asosiy yo‘l – Narpay ko‘chasida ham, qo‘rg‘onning o‘zida ham birorta avtobus bekati yo‘q. Borlari esa e’tibordan chetda qolib, foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qolgan. Hatto savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalariga aylanib ketgan bekatlar bor ekan.


Shunday sharoitda aholi qayerda avtobus kutyapti, haydovchilar yo‘lovchilarni qayerdan mindiryapti?
– Qayerda bekat borligi yoki bo‘lishi kerakligi ham esimizdan chiqib ketgan, – deydi yo‘lovchi R.Hayitov. – Qulay joydan Narpay ko‘chasiga chiqamiz yoki bozorcha oldiga borib turamiz. Avtobuslar kelib, olib ketaveradi.
Yog‘in-sochinli kunlarda avtobus kutish uchun bekat yo‘qligidan taksi yoki mikroavtobusdan foydalanishga majbur bo‘lamiz. Biz-ku sharoitga qarab, yo‘lga chiqaveramiz, lekin yomg‘ir yoki qor yoqqan paytlarda bolalar va keksalarning avtobus kutishi azob-da.
6, 15, 93-yo‘nalishlar avtobus haydovchilarining aytishicha, Kimyogarlar qo‘rg‘onidan Samarqand shahrigacha 4-5 bekatda to‘xtab, yo‘lovchi olish va tushirish belgilangan. Lekin belgilangan manzillarda bekatning o‘zi yo‘q. Shu sababli haydovchilar qayerda yo‘lovchi bo‘lsa, o‘sha yerda to‘xtashga majbur. Bu esa yo‘nalishlardagi qatnov tartibi va vaqtining buzilishiga sabab bo‘ladi. 


Kimyogarlar qo‘rg‘oni markazidagi bozorcha oldida yo‘lovchilar aytganidek taksi ham, "Damas" mikroavtobuslari ham ko‘p. Lekin ularning aksariyati noqonuniy ravishda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanar ekan. Bu yerda ham na birorta bekat va na bekat borligini anglatuvchi yo‘l belgisi bor. Umuman, Narpay ko‘chasi va Kimyogarlar qo‘rg‘onida bekatni ko‘rsatuvchi birorta belgiga ko‘zimiz tushmadi.
Bugun Samarqand shahrida keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bir muddat faoliyat ko‘rsatmagan kimyo zavodi kam quvvatda bo‘lsa-da, ishlab turibdi. Zavodning foydalanilmay turgan hududlari esa tadbirkorlarga berilib, bu yerda ham yirik sanoat korxonalari, ishlab chiqarish sexlari tashkil etilmoqda. Bu yaqin orada Kimyogarlar qo‘rg‘oni sanoatchilar, tadbirkorlar maskani bo‘lishini anglatadi. Bunday zamonaviy shaharchada yo‘l-transport infratuzilmasi va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish ham shunga yarasha bo‘lishi kerak, nazarimizda.