Kino olish, kino ko‘rishdan maqsad nima?
Telegram kanalda «Milliy seriallar ma’naviyatimiz uchun malhammi yoki zahar?» sarlavhali maqolani o‘qib, bir turkiyalik mehmon bilan bo‘lgan suhbatimiz yodimga tushdi.
Unda gapimiz aylanib, xalqlarimizning madaniyatidagi o‘xshashlik va farqlarga kelib to‘xtaldi. Shunda u to‘satdan, «Men sizlarda ayollar juda shatta bo‘lsa kerak, deb o‘ylab yurgandim», deb qoldi. Hayron bo‘ldim va undan bu fikriga izoh berishni so‘radim.
- Men ilgari turkchaga tarjima qilingan o‘zbek filmlarini ko‘rganman, - deya gapida davom etdi suhbatdoshim. – Bu yerda ham ko‘rib boryapman. Sizlardagi kinolarda ayollar sadoqatsiz, mojarolarning sababchisi sifatida ko‘rsatiladi. Lekin aslida bunday emasga o‘xshaydi. Yoki men adashyapmanmi?
Avvaliga mehmonning bu so‘zlaridan taajjubga tushdim, jahlim chiqdi. Ammo vaqt ajratib, milliy filmlarimizning bir nechtasini ko‘rganimdan so‘ng uni tushundim. Darhaqiqat, filmlarimiz xalqimiz turmushida uchraydigan jamiki illatlar, salbiy voqeliklarga «to‘ydirilgan» ekan. Odamlarni tarbiyalashga emas, faqat g‘azablanishga, o‘zligidan nafratlanishga olib keladigan voqeliklar. Eng yomoni, ularda o‘zbek ayolining iffati, qadr-qimmati shu qadar yerga urilyaptiki, asabingni buzmasdan ko‘rolmaysan.
Shu bois ayni masaladagi qarashlarim, fikrlarimni jamlab, qog‘ozga tushurishni o‘ylab yurgandim. Yuqoridagi maqolani o‘qib, muallif barchamizning dilimizdagi gaplarni yozganiga, mavzu doirasida chuqur mulohaza yuritganiga amin bo‘ldim.
Xususan, unda muallif kino san’atimiz ancha vaqt e’tibordan chetda qolganini, lekin bu uning o‘z g‘oyasi, maqsadidan toyib, «antitarbiya» bilan shug‘ullanishiga asos bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Bu ayni haqiqat. Ish faqat sohadagi texnik muammolarga bog‘liq bo‘lganda, kino san’atimizning durdonalari bo‘lgan «O‘tkan kunlar», «Yor-yor», «Shum bola», «Mahallada duv-duv gap», «Temir xotin» kabi filmlar tasvirga olinmagan yoki olinsa ham vaqt o‘tishi bilan o‘zining qadrini yo‘qotgan bo‘lar edi.
Men xalqimizning o‘tgan asrdagi ahvolini, mustaqillikning birinchi yillari ko‘rgan qiyinchiliklarini, tiklanish davri va hozirgi zamon voqeliklarini ko‘rganman. Milliy kino san’atimiz ko‘rsatayotgandek, bu davrlarda faqat mug‘ombirlaru kazzoblar «zo‘r» bo‘lib, qolganlar xor bo‘lgan emas. Halol mehnati bilan qiyinchiliklarni yengib o‘tgan, elga tanilgan, dunyoga yuzlanganlar qancha? Agar shunday iymon-e’tiqodi butun shaxslarning muvaffaqiyatlarini ko‘rsatadigan filmlar olinsa, ularning timsolida xalqimizning ilg‘orligini ko‘rsatgan bo‘lmasmidik?
Muallif maqolasida kino san’atining yashirin tarbiyasi to‘g‘risida ham juda o‘rinli va ta’sirchan misollarni keltirgan. Bunga qo‘shimcha sifatida aytishim mumkinki, mustabit tuzum vaqtida ham televideniyeda ayollarimizning xulqini buzishga qaratilgan bir reklama doimiy ravishda berib borilgan ekan. Bunda «Zamonaviy ayol qanday bo‘ladi,», degan savolga kalta yubka, oldi ochiq ko‘ylak kiygan, qo‘lida sigareta tutgan, qisqasi, o‘tgan-ketgan erkaklarning e’tiborini o‘ziga tortadigan ayol qiyofasi beriladi. Bu g‘oyaning ta’sirini haligacha yo‘qota olganimiz yo‘q. Aksincha, uni o‘z qo‘limiz bilan kuchaytirishda davom etyapmiz. Televideniye ana shunday kuchga ega.
Bu mavzu bo‘yicha hali ko‘p gapirish mumkinu, har gapni aytaverishdan andisha qilamiz. Uyatni bilmagan ayrim «ijodkor»larga uyatsizlik bilan javob qaytargan bo‘lmaylik, axir.
Munosabatimning sarlavhasiga kelsak, maqsadiga ko‘ra kinoasarlar odamlarga ma’naviy ozuqa berishi, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi kerak. Xo‘sh, bugungi kinolarimizning qanchasi shu talabga javob beradi? Ijodkorlar, o‘zidan rejissyor yasab olganlar masalaning bu tarafini ham o‘ylab ko‘rishsa yaxshi bo‘lar edi. Madaniyatimizni yuksaltirishning uddasidan chiqolmas ekansiz, uni buzishga ham urinmang.
Mamayunus PARDAYeV,
professor, iqtisod fanlari doktori.