Kiokushinkay, muaytay va dzyudo turining birlashgan jang san’ati - O‘zbekistonda

Ushbu uch sport turini birlashtirgan jang san’ati kudo deyiladi. Bu yaponcha sport turi bo‘lib, ko‘proq Yaponiya, shuningdek Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va ayrim Yevropa davlatlarida rivojlangan.

Samarqand shahrida ushbu sport turi bilan shug‘ullanayotganlar talay. Shu bois ushbu sport turi asoschisi Azuma Takashi xotirasiga bag‘ishlangan kudo bo‘yicha viloyat chempionati tashkil etildi.

Musobaqada 6 yoshdan 18 gacha bo‘lgan 100 nafar yoshlar va undan katta sportchi g‘oliblik uchun bellashdi. Musobaqa jarayonlarini asli samarqandlik bo‘lgan oltinchi dan qora belbog‘ sohibi, xalqaro toifadagi hakam Azam Kamilov kuzatib bordi.

Bellashuv yakunida eng ko‘p medalni Samarqand shahrining “Maroqand” sport klubi sportchilari egalladi. Ikkinchi o‘rinni Samarqand tumani, uchinchi o‘rinni Past Darg‘om tumani yoshlari egalladi.

Yaqinda Samarqand shahrida kudo aralash jang bo‘yicha respublika chempionati o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Hozirda, tumanlarda seleksiya ishlari olib borilib, bu sport turiga qiziquvchi yoshlar saralanmoqda. Tajribali murabbiylar ham jalb etilmoqda. Kelgusida tumanlarda ham mazkur sport turi bo‘yicha bo‘limlar ochish rejalashtirilgan.

Munis Gulyamov.

***

Basketbol

Samarqand shahrida basketbol bo‘yicha 2005-2006 va 2007-2008 yillarda tug‘ilgan qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatining ikkinchi tur bahsi bo‘lib o‘tdi.

Respublikaning turli hududidan kelgan tajribali 17 jamoa basketbolchilari o‘zaro maydonda bahs olib bordi. Murosasiz kechgan bellashuvning keyingi tur musobaqasida 9 ta katta va kichik yoshdagilar jamoasi asosiy o‘rinlar uchun bahs olib boradi.

Keyingi bosqichda viloyatimiz sharafini Samarqand shahar 1-son boalalar-o‘smirlar sport maktaba jamoasi himoya qiladi.  

***

“Quvnoq startlar”

Samarqand shahrida viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilari o‘rtasida “Quvnoq startlar” sport musobaqasining viloyat bosqichi final o‘yinlari o‘tkazildi.

Musobaqalarning tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan to‘rtta jamoa final bosqichida bellashdi.

Musobaqa yakunida Oqdaryo tumani jamoasi birinchi o‘rinni egallab musobaqaning respublika bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin payariqliklarga, uchinchi o‘rin Toyloq hamda Samarqand tumani jamoalariga nasib etdi.

***

Yunon-rum kurashi

Past Darg‘om tumanida 2008-2010 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida yunon-rum kurashi bo‘yicha viloyat birinchiligi o‘tkazildi.

Musobaqada viloyatimizning shahar va tumanlaridan kelgan 200 nafarga yaqin yosh polvonlar gilamda g‘oliblik uchun kurashdi.

Umumjamoa hisobida pastdarg‘omliklar 4 ta oltin, 2 ta kumush, 6 ta bronza medaliga ega bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rin Samarqand sport yakka kurashi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi sportchilariga hamda oqdaryolik kurashchilarga nasib etdi. 

***

O‘zbek jang san’ati

Samarqand shahrida “O‘zbek jang san’ati” bo‘yicha bolalar va o‘smirlar o‘rtasida viloyat chempionati o‘tkazildi.

Unda viloyatimizning barcha hududidan 280 nafarga yaqin 5 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘zbek jang san’ati ustalari bellashdi.

Yakunda umumjamoa hisobida Samarqand shahri jamoasi sportchilarining qo‘li baland keldi. Kattaqo‘rg‘on tumani jamoasi ikkinchi va pastdarg‘omliklar uchinchi o‘rinni egalladi.

***

Taekvondo-VTF

Samarqand shahar 2-son BO‘SM “Sartepo” sport majmuasida “Yoz-2021” musobaqalari doirasida taekvondo-VTF bo‘yicha 5 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida 2-son BO‘SM ochiq birinchiligi musobaqasi o‘tkazildi.

Musobaqada 130 nafar mezbon sportchidan tashqari, Toshkent hamda Navoiy viloyatidan ham sportchilar ishtirok etishdi.

Bellashuv yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida samarqandlik taekvondochilar eng ko‘p medalga ega chiqdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rin toshkentlik va navoiyliklarga nasib etdi.

Husan Eltoyev.