Kirakashning ehsoni (ibratli hikoya)

Badavlat bir ayol katta yo‘lda o‘zining qimmatbaho avtomashinasini haydab ketayotganda mashinasi buzilib to‘xtab qoldi. So‘ngra ayol mashinasidan tushdi-da, katta tezlik bilan kelayotgan mashinalarni birin-ketin to‘xtata boshladi. Ammo hech biri to‘xtay demasdi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, qorong‘i tushib, yomg‘ir yog‘a boshladi.

Kutilmaganda, yoshgina, qorachadan kelgan yigit o‘zining eski rusumli avtomobilida kelib to‘xtadi. Ayol bir yigitga va bir mashinaga mensimaygina qarab «minsammikan yoki qolsammikan», degan o‘y xayolidan o‘tdi.

Ayol ko‘proq yigitning tashlanib qolishidan cho‘chir edi. Chunki uning ko‘rinishidan badavlat ayol ekanligini payqash qiyin emas edi-da.

Ammo ayol ko‘p o‘ylab o‘tirmay, bir qarorga keldi va mashinaga minib oldi. Yo‘l-yo‘lakay yigitning ism-sharifi va ish joyini so‘rab bildi.

Yigitning ko‘rinishida uning juda qashshoq va muhtoj bir inson surati aks etib turardi. Yigit o‘zini «men kirakash Adham bo‘laman», deb tanishtirdi. Shundan so‘ng ayolning ko‘ngli bir oz xotirjam bo‘lgandek bo‘ldi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, ayol yigitning odobi-yu axloqiga va biron marotaba ayol tomon qayrilib gapirmaganiga qoyil qolib, yomon gumonlarga borganligi uchun o‘zini aybdor his etdi.

Ular shaharga ham yetib kelishdi. Ayol «yo‘l kira haqini qancha so‘rasa shuncha beraman», deb bir chekkada to‘xtashini so‘radi. Yigit to‘xtadi. Ayol:

— Yo‘l kira haqi qancha bo‘ldi?

Yigit:

— Hech qancha!

— Yo‘q… bo‘lishi mumkin emas. Siz menga yordam berib, manzilimgacha yetkazib qo‘ydingiz.

Adham ayolga qarab dedi:

— Yo‘lingizda uchragan biron bir shaxsga yaxshilik qiling, mana shu mening hizmat haqim bo‘la qolsin, - deb yo‘lida davom etdi.

Bunday kutilmagan javobdan ayol hayratda edi. Biroz turib o‘ylanib qoldi, yo‘l-yo‘lakay qahvaxonaga kirdi va ofitsiant ayolga qahva buyurtma qildi.

Ofitsiant ayol qahva keltirdi. Badavlat ayol uning ranglari o‘chgan ma’yus chehrasiga nazar solib so‘radi:

— Ahvolingiz yaxshimi singlim, charchagan ko‘rinasiz?

Ofitsiant ayol:

— Oy kunim yaqinlashganga o‘xshaydi. Shunga bo‘lsa kerak…

— Unday bo‘lsa, nega biroz dam olmaysiz? - deb ofitsiant ayolga qahvaning pulini uzatdi.

Ofitsiant ayol pullarni olib dedi:

— Ko‘z yorishimga ozgina bo‘lsa ham mablag‘ bo‘lsin, deb bo‘sh vaqtlarimdan ham foydalanaman, deb hisobchining oldiga ayolning qaytimini olish uchun ketdi. Chunki ayol qahvaning pulini ofitsiant ayolga o‘n barovar ko‘p qog‘oz pulida bergan edi. Ofitsiant ayol qaytimlarni olib, badavlat ayolga bermoqchi bo‘lib qarasa, ayol yo‘q...

Ammo uning o‘tirgan joyida bir parcha qog‘oz bo‘lib, unda «qaytimi sizga hadya», degan so‘zlar yozilgan edi. Ofitsiant ayol buni ko‘rib, judayam quvonib ketibdi va yana nimadir izlagandek varaqchaning orqa tomoniga nazar soldi. U yerda «go‘dakning hadyasi esa stolning tagida», degan so‘zlar bitilgan ekan. Ofitsiant ayol oylik maoshiga 6 barovar keladigan mablag‘ni ko‘rib, quvonganidan qichqirib yubordi va ko‘zlari limmo-lim yoshga to‘lib, «tug‘ilajak farzandimiz g‘amida yurgan xojamni borib xushxabar bilan tezroq quvontiray», deb ishidan ruxsat so‘radi. U tez-tez yurib uyiga qaytar ekan, uning shaxdam qadamlari go‘yo kuchli shamoldan ham o‘zib ketardi.

Uyiga vaqtidan ilgari qaytgani uchun taajjublanib turgan xojasini ayol shosha-pisha chaqirishga tushdi. Yoki tug‘ish mahali bo‘ldimikan desa, ayolining quvonchli ovozidan bunga sira o‘xshamas edi. Ayol «Adham aka», deb xojasini bag‘riga o‘zini otib, dedi:

- Alloh bizni o‘z marhamati bilan siyladi…

Shuni yodda tutingki, qayerda bo‘lsangiz ham qilgan yaxshiligingiz albatta, siz uchun qaytadi. Chunki, «Ehsonning mukofoti faqat ehsondir».

Sarafroz USMONOVA.