Kitob taqdimoti: Do‘stlik kunida do‘stlar uchrashdi

Samarqand shahridagi Pushkin nomidagi axborot-kutubxona markazida 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan adabiy kecha o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, viloyat tojik va tojikzabon milliy-madaniy markazi, viloyat “Ovozi Samarqand”, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetasi tahririyatlari hamkorligida tashkil etildi. Ishtirokchilar esa o‘zbek, tojik, rus va boshqa millat vakillaridan iborat adabiyot ixlosmandlari bo‘ldi.
Adabiy kechada taniqli yozuvchi va shoir Farmon Toshevning o‘zbek va rus tilida chop etilgan “Yo‘l – Put”, jurnalist G‘olib Hasanovning “Onamga qasida” kitoblari, shuningdek, viloyat “Ovozi Samarqand” gazeatasi tahririyati tomonidan chop etilgan tojik va o‘zbek tillarida nashr etilgan “Ovozi Samarqand: mashvarat, tashabbus, muvaffaqiyat” jurnali taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘z olganlar tomonidan mamlakatimizda ayniqsa, viloyatimizda milliy bag‘rikenglikka alohida e’tibor qaratilayotgani, asrlar davomida o‘nlab xalq va millat vakillari ushbu hududda yashab kelganligini, qolaversa, millatlararo do‘stlikni mustahkamlash uchun xizmat qiladigan bu kabi adabiyotlar yozilayotgani alohida tilga olishdi.
Yig‘ilganlar Rustam Jo‘raqulov rus tiliga tarjima qilgan “Yo‘l – Put” qissasiga to‘xtalar ekan, ushbu asarda adib inson hayotining qadri, mehr-oqibat, sabr-qanoat tarannum etilganini ta’kidladi. Bu dunyoda biror amal beiz ketmasligi, xuddi aks-sadodek insonning o‘ziga qaytishi, shuning uchun odamiylik hamisha ulug‘lanishi hikoya qilinishi aytib o‘tildi.
“Onamga qasida” kitobi haqida ham iliq fikrlar bildirildi. Xususan, kitobda yozilishicha, har bir insonning onasi haqida aytadigan dil so‘zlari, kechinmalari bor, lekin ular mohiyatan bir xil – onalarni ulug‘lash, farzandlik mehri, sadoqatini ifoda etishga qaratilganligi bilan ahamiyatli.
Shuningdek, tadbir davomida “Ovozi Samarqand: mashvarat, tashabbus, muvaffaqiyat” jurnali fotoalbom ko‘rinishida bo‘lib, unda tahririyatning 2018-2022 yildardagi faoliyat aks ettirilgani aytildi. Unda Samarqand tojik va tojikzabon milliy-madaniy markazi tahririyat tashabbusi va do‘stlar maslahati bilan o‘tkazilgan tadbir hamda uchrashuvlar, aksiya va musobaqalar, gazeta jamoasining erishgan yutuqlari keltirilgan.
– Albatta, bu kabi uchrashuvlar biz kabi ijodkor uchun yangi g‘oya va ijod namuna yaratishga imkoniyat bo‘ladi, - deydi “Kattaqo‘rg‘on tongi” gazetasi muharriri Tohir Hamidov. – Kitobga oshno bo‘lgan inson albatta yutadi, degani ham bejiz emas. Shu sababli bugungi kitoblar taqdimotidan kelib chiqib, yaratilgan ijod namunlarimizni kitob holida chop etishni, tahririyatimiz haqida alohida jurnal tashkil etishni reja qilib oldim.
Uchrashuv yakunida mualliflar tomonidan chop etilgan kitoblar va jurnallar tadbir ishtirokchilariga tarqatildi.
Husan ELTOYeV.
Jasurbek Shukurov (foto).